Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hisobda yo‘q» tarbiyalanuvchilarni qurilishi bitmagan binoga yashirgan bog‘cha mudirasiga nisbatan sud hukmi chiqdi

«Hisobda yo‘q» tarbiyalanuvchilarni qurilishi bitmagan binoga yashirgan bog‘cha mudirasiga nisbatan sud hukmi chiqdi

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Samarqand shahridagi 58-sonli maktabgacha ta’lim muassasasidagi (MTM) hisobga olinmagan  tarbiyalanuvchilari  MTM yaqinida qurilayotgan bino hududida yashirilganligiga oid xabarlar tarqalgandi. Yaxshigina shov-shuv bo‘lgan mazkur holat yuzasidan o‘z vaqtida ushbu muassasa mudirasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ekan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi hukmiga ko‘ra, sobiq mudira S.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi «g» bandi va 209-moddasi 1-qismi  bilan aybdor deb topilib,  unga bir yil  muayyan huquqdan mahrum qilingan holda  oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 1 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi 68 nafar tarbiyalanuvchining ota-onalari tomonidan to‘langan jami 14 mln. 054 ming so‘mlik badal pul mablag‘larini muassasa hisobxonasiga kirim qilmasdan, mansab mavqeini suiiste’mol qilib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda  hamda  muassasaning bir necha xodimlari nomiga yozilgan jami 1.389.619 so‘m mukofot pul mablag‘larini ularning imzolarni soxlashtirib o‘zi olganlikda ayblangandi.

Sud jazo tayinlashda keltirilgan zararlar qoplanganiga alohida e’tibor qaratgani aytiladi.

Hukmga nisbatan sudlanuvchining shikoyati yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.

Viloyat sudi sudyasi (ish bo‘yicha ma’ruzachi) B.Aliqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha,  kassatsiya shikoyati ikki oy davomida sinchiklab ko‘rildi, o‘rganildi. Natijada, sudlanuvchining 1.389.619 so‘m mukofot pul mablag‘larini o‘zlashtirganlik holati tasdig‘ini topmadi. Shunga ko‘ra, birinchi bosqich sudi hukmi o‘zgartirilib, ayblovdan Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismi chiqarib tashlandi.

Hukmning qolgan qismi o‘zarishsiz qoldirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring