Foydali qazilmalarni noqonuniy kavlash uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Joriy yilning 14 dekabr kuni Senatning yalpi majlisida Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan hamda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Bugungi kunda foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Biroq, foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olishdan olinayotgan daromad miqdorining belgilangan jazo chorasiga nisbatan ancha yuqoriligi mazkur sohada huquqbuzarliklarni samarali profilaktika qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Ko‘p hollarda javobgarlikka tortilib, jarima undirilgan shaxslar tomonidan huquqbuzarlikni takroran sodir etish holatlari uchramoqda.
Masalan, 2018 yilda birgina Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan qator tadbirkorlik sub’yektlarining vakillari 837,8 mln. so‘mlik noruda foydali qazilmalarni kavlab olganligi uchun javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, aynan ushbu sub’yektlar tomonidan 2019 yilning birinchi yarmida takroran 1 618,2 mlrd. so‘mlik noruda foydali qazilma noqonuniy kavlab olingan.
Ma’qullangan Qonun bilan foydali qazilmalarni litsenziyasiz kavlab olganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima jazosi o‘rnatilmoqda.
Ushbu huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda.
Mazkur qonun foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter