Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firibgarlik o‘zi nima? Nega odamlar tez va ko‘p aldanadi?

Firibgarlik o‘zi nima? Nega odamlar tez va ko‘p aldanadi?

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kunda firibgarlik, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish jinoyatlari ko‘payib ketmoqda. Odamlar firibgarlarning gaplariga darrov chuv tushib, aldanib qolmoqdalar. Shu maqsadda o‘quvchilarimiz uchun firibgarlik, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish tushunchalari yuridik tilda qanday ma’no anglatishi, ularning farqlari, ushbu turdagi jinoyatlar uchun qanday jazolar borligi haqida ma’lumot berishni lozim topdik.

Mazkur savollarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qulbekov Oybek Tursinaliyevich batafsil javob beradi.

Foto: «Xabar.uz»

— Firibgarlik jinoyati — iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, jinoyat kodeksining 168-moddasida ushbu jinoyatga ta’rif berilgan.

Unga ko‘ra firibgarlik, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritishdir.

Demak, o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini yuqorida ko‘rsatilgan ikki usulni qo‘llab, tekin qo‘lga kiritgan, 16 yoshga to‘lgan aqli raso har qanday shaxs firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxs sifatida huquqni muxofaza qiluvchi idoralar tomonidan jinoiy ta’qibga uchrashi mumkin.

Bunda, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asos bo‘luvchi zarar summasi oz miqdordan, ya’ni eng kam oylik ish haqining 30 barobaridan ko‘p bo‘lishi kerak. Bugungi kunda bu miqdor 5.167.200 so‘mni tashkil etadi.

Agar firibgardan jismoniy shaxs jabrlangan bo‘lsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun talon-toroj qilingan mulk summasi ahamiyatga ega emas.

Endi aldash va ishonchni suiste’mol qilish tushunchalariga kelsak.

Aldash deganda aybdor tomonidan jabrlanuvchining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqlarini qo‘lga kiritish maqsadida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlardan foydalanish yoki mulk egasi bilishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish tushuniladi. Masalan, aybdor avtosalonda ishlamasa-da, mashina olib berishni va’da beradi, jabrlanuvchini o‘zining gaplariga ishontirish maqsadida soxta shartnoma yoki boshqa hujjatlarni ko‘rsatadi.

Ishonchni suiiste’mol qilish — aybdorning mulk egasi bilan o‘rtasidagi ishonchli munosabatlaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanishdir. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning shaxsiy yoki qarindoshlik munosabatlari sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, qo‘shnisini mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotda ishlashini bilgan fuqaro chet elga ishga yuborishga yordam so‘rab murojaat qiladi. Garchi qo‘shnisida bunday vakolat bo‘lmasa-da, u ishonchni suiiste’mol qilib, chet elga yubora olishini aytib, uning pul mablag‘larini qo‘lga kiritadi.

So‘nggi yillarda firibgarlik jinoyatining umumiy jinoyatchilikdagi salmog‘i ortib borayotgani sababli 2016 yil 26 dekabrdagi qonun bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasidagi javobgarlik og‘irlashtirildi. Shuningdek, Oliy sud plenumining firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi qarori yangitdan ishlab chiqilib, qabul qilindi.

JKning 168-moddasi 4 qismdan iborat bo‘lib, 1-qismida 50-100 baravar jarima, 2 yilgacha axloq tuzatish yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan maxrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

2-qismida ancha miqdorda, bir guruh shaxslar yoki kompyuter texnikasidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik uchun 100-300 jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

3-qismida ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik uchun 300-400 jarima, 2-3 yil axloq tuzatish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

4-qismida juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik uchun 400-600 jarima, yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring