Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ertaga Bosh prokuror Senatda hisobot beradi. Ungacha...

Ertaga Bosh prokuror Senatda hisobot beradi. Ungacha...

Foto: Bosh prokuratura

Ertaga, Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisining ikkinchi kunida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning hisobot berishi kutilmoqda.

Oliymaqom senatorlar oldida hisobot berish shunchaki ishmas. Buning uchun yaxshigina tayyorgarlik talab etiladiki, mamlakat bosh qonun posboni ham har bir raqam va holat ustida obdon bosh qotirayotgani aniq. E’tiborlisi, Bosh prokuror nafaqat katta mashvaratga tayyorgarlik ko‘ribdi, balki senatorlarni ham bunga (hisobotini eshitishga) tayyorlashni unutmagan ko‘rinadi.

Gap shundaki, yalpi yig‘ilishi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarining Bosh prokuraturaga tashrifi kuzatildi.

Foto: Bosh prokuratura

Mazkur tadbirga oid axborotda senatorlar tashrif davomida prokuratura organlarining qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan nazorat faoliyatining natijalari bilan bevosita tanishgani aytiladi. O‘zaro muloqot jarayonida parlamentning yuqori palatasi a’zolariga korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat va hududiy dasturlar ijrosi jarayonida qonuniylikni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha prokurorlar sektorlari faoliyati kabi o‘nlab ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini aniq misollar asosida batafsil ma’lumotlar berilgan. Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatida yangicha yondashuvlar asosida davlat dasturlari ijrosini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilganligi ta’kidlanibdi.

Foto: Bosh prokuratura

Senatorlar borgan joyda savol-javoblarga alohida o‘rin berilishi tabiiy. Bosh prokuraturadagi tadbir ham bundan mustasno bo‘lmabdi: «Savol-javob, qizg‘in bahs-munozara ruhida samimiy kechgan muloqotda ilgari surilgan taklif va tavsiyalar nafaqat prokuratura organlari xodimlari, balki Senat a’zolari uchun ham birdek muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir», — deyiladi axborotda.

Foto: Bosh prokuratura

Eng muhimi — yuqorida aytilgan gap: senatorlarning mazkur tashrifi Bosh prokurorning hisoboti kutilayotgan Senatning navbatdagi yalpi majlisi arafasida tashkil etilganligida. Nega desangiz, hisobot tinglash — boshqacha, o‘sha hisobotni tizim faoliyati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lgan holda tinglash — umuman boshqacha taassurot beradi-da.

Senatda hisobot beradigan amadorlar kam emas. Ular ham Bosh prokuratura tashabbusini sinab ko‘rsa chakki bo‘lmasdi. To‘g‘ri, osonmas, ammo qilsa bo‘larkan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring