Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 20 dan ortiq erkakka OITS yuqtirgan qiz uch yilga qamaldi

Buxoroda 20 dan ortiq erkakka OITS yuqtirgan qiz uch yilga qamaldi

Illyustrativ foto

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yigirmadan ortiq erkakka qasddan OITS kasalligini yuqtirgan qiz uch yilga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi mas’uli ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2002-yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan fuqaro M.R. maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq yengil-yelpi turmush tarzida bo‘lgan. 11-sinfni tugatgach, oilasidagilar bilan o‘zaro janjallashib, o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga kelgan va M.R. uydan so‘roqsiz chiqib ketgan. U shu chiqib ketganicha tuman markazidagi tungi klublardan biriga ishga kirgan. Oradan o‘tgan ikki yil davomida yaqinlari uning xatti-harakatlariga chek qo‘yish va ortga qaytarish uchun hech qanday chora izlashmagan.

«Olib borilgan sud-tergov harakatlari davomida qizning tungi klub ishlaridan bo‘sh vaqtlarida fohishalik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Pala-partish hayot kechirgan qiz shunday kunlarning birida sog‘lig‘idan shikoyat qilib, tuman kasalxonasiga boradi. Kasalxonada olib borilgan tibbiy muolajalar davomida qizda OITS kasalligi mavjudligi aniqlangan», — dedi sud mas’uli.

Holatga ko‘ra, M.R.ni shifokorlar shu zahotiyoq ro‘yxatga olishgan va majburiyatlari haqida tushuntirishgan. U o‘zidagi infeksiyani boshqalarga yuqtirsa, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan.

Biroq, qiz o‘zi tanlagan yo‘lidan qolmagan. Arzimas pul evaziga erkaklar bilan jinsiy aloqaga kirishib, sheriklaridan kasalligini yashirib kelgan. Olib borilgan tergov-surishtiruv harakatlari davomida M.R. yigirmadan ortiq erkakka OITS kasalligini qasddan yuqtirgani aniqlangan.

Aybdor pul ishlash uchun o‘z kasalligini boshqalarga qasddan yuqtirganini tan olgan.

Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan ayblangan M.R. uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring