Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror Farg‘onada. Uch kunda 34 ta jinoyat fosh etildi

Bosh prokuror Farg‘onada. Uch kunda 34 ta jinoyat fosh etildi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev shu kunlarda Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha mutasaddilar oldiga muhim va o‘ta dolzarb vazifalarni qo‘ygandi. Mazkur vazifalar ijrosini bevosita joylarga chiqqan holda ta’minlash maqsadida Nig‘matilla Yo‘ldoshev vodiyga yo‘l oldi.

Bosh prokuror viloyatning shahar va tumanlarida bo‘lib, kriminogen vaziyatni bevosita o‘rganmoqda, mas’ul tuzilmalar mutasaddilarini jalb etgan holda har bir huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan omillar, sabab va sharoitlarni tahlil qilmoqda.

Jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha tezkor ravishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning bir kunlik yoki mavsumiy bo‘lib qolmasligi uchun joylardagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati tanqidiy tahlil etilib, hududlarda barqarorlik va osoyishtalikni bardavom ta’minlashga qaratilgan vazifalar belgilab berilmoqda.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida qisqa muddatda muayyan natijalarga erishilgani ham aytiladi.

Jumladan, Bosh prokuror nazorati ostida uch kunda, viloyatda 34 ta ilgari ochilmagan jinoyatlar fosh etildi, qidiruvdagi 14 nafar shaxs ushlandi, bedarak yo‘qolganlar oilasi bag‘riga  qaytarildi.

Jinoyatlarni fosh etish va jinoyatchilarni ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etishdan qaytarish maqsadida savdo shoxobchalari, ko‘cha va maydonlarga 350 dan ziyod kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Ma’lumki, keyingi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida sodir etilgan tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarning 35 foizi o‘tkir kesuvchi jismlardan foydalanib sodir etilgan. Shu bois, hududda «Tig‘» tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolardan 800 dan ortiq o‘tkir kesuvchi jismlar olib qo‘yildi, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

Jinoyatchilikka qarshi samarali kurash ko‘p jihatdan muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik tadbirlarni o‘tkazib borishga ham bog‘liq. Binobarin, shunday tadbirlar doirasida ilgari sudlangan va huquqbuzarlik sodir etishga moyil qariyb 20 nafar shaxs ma’muriy nazoratga olindi, tuzalish yo‘liga kirmagan 2 nafar nazoratdagi shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Sud ishlarining ta’sirchanligini oshirish, odamlarda jinoyat uchun jazo muqarrarligi haqida qat’iy ishonch uyg‘otish maqsadida 40 dan ziyod sayyor sud majlislari o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida eng ko‘p jinoyat sodir etilganligi qayd etilgan 252 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga 4 ta sektor rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari hamda Milliy gvardiya organlari boshliqlari shaxsan biriktirildi.

Bosh prokuror tomonidan mahallalarda o‘tkazilayotgan o‘rganish va tahlillar natijalari profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, sektor rahbarlari, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida ta’sirchan tarzda muhokama etib borilmoqda, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan choralar joyida belgilab berilmoqda.

Qayd etilishcha, bunday amaliyotni muntazam ravishda barcha hududlarda o‘tkazib borish nazarda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring