Bitta soxta, bitta haqiqiy kadastr xodimi jinoyat ustida ushlandi
Bitta soxta, bitta haqiqiy kadastr xodimi naq jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mahkama huzuridagi Departament hamda DXXning Jalaquduq tuman bo‘limlari xodimlari IIBdagi hamkasblari bilan o‘tkazgan tezkor tadbirda soxta «kadastr»chining firibgarligi fosh etildi. Muqaddam shunday jinoyati uchun sudlangan M.K. fuqarolarga o‘zini tuman Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xodimi deb tanishtirib ikki nafar fuqaroning har biriga 6 sotixdan yer maydoni olib berishga ishontirib, evaziga 1.300 AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Xuddi shunday o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa haqiqiy kadastr xodimi ushlandi. Ya’nikim, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr davlat korxonasi Jondor tumani filiali mutaxassisi F.S. fuqaro R.ning ishonchiga kirib, uning 23 sotix yer maydonini dehqon xo‘jaligi nomiga rasmiylashtirish masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishni va’da qiladi. Evaziga talab qilgan 400 AQSh dollari hisobidan 100 AQSh dollari va 2 mln so‘mni olgan vaqtda...
Har ikki holat yuzasidan firibgarlik va pora berishga qasd qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter