Bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazi ochiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Qonun loyihasida quydagilar bepul yuridik yordamning turlari sifatida ko‘rsatilmoqda:
- huquqiy maslahatlar berish;
- huquqiy axborot berish;
- huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlar tuzish;
- sudlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda vakillikni amalga oshirish;
- jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov bosqichlarida va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etish.
Qonun 5 bob va 38 moddani o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, prezidentning «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ham muhokamaga e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda belgilanishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish faqatgina Bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazi tomonidan shartnomaviy-huquqiy asosda amalga oshiriladi. Bunda advokatlar bir advokatning qayta-qayta jalb etilishiga, uchinchi shaxslarning jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘ymaydigan avtomatik tizim orqali tanlab olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter