Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangiyo‘lda bir oilaning 5 nafar farzandi ilk bor «hujjatli» bo‘ldi

Yangiyo‘lda bir oilaning 5 nafar farzandi ilk bor «hujjatli» bo‘ldi

Yangiyo‘lda bir ayolning turli yoshdagi 4 nafar farzandi va bir nafar nabirasiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma topshirildi. Ularning shu paytgacha guvohnoma va boshqa hujjatlari yo‘q edi.

Yangiyo‘l shahrida yashab kelayotgan Zulxumor opaning farzandlari — Sardor (23 yosh), Sevinch (20 yosh), Sadriddin (10 yosh) va Samariddin (5 yosh) hamda nevarasi Bexruzbek (3 yosh)lar tibbiy yordamsiz tug‘ruqxonadan tashqarida (xonadonida) tug‘ilganligi sababli bugungi kunga qadar tug‘ilganlik haqida guvohnoma ololmagan.

Sardorbek va Sevinch 16 yoshdan oshgan bo‘lsada, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud bo‘lmaganligi sababli ID-karta ham berilmagan. Oilaning o‘rtancha farzandi Sadriddin 10 yoshga to‘lgan, biroq bugungi kunga qadar umumta’lim maktabiga, Samariddin va Bexruzbeklar esa bog‘chaga qabul qilinmagan edi.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» huquqiy aksiyasi doirasida Zulxumor opaning 4 nafar farzandlari va 1 nafar nevarasining tug‘ilishi rasmiylashtirilib, guvohnomalari shaxsan adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev tomonidan topshirildi.

Shu bilan birgalikda, Sardor va Sevinchga identifikatsiyalovchi ID-karta ham olib berildi. 10 yoshli Sadriddin Yangiyo‘l shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-sinfi o‘quvchisi sifatida ta’limni davom ettirish imkoniga ega bo‘ldi. Adliya vazirligi tomonidan ularga kitoblar, maktab formasi va o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.

Eslatib o‘tamiz, huquqiy aksiya doirasida fuqarolar bevosita tuman (shahar) adliya bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus shtablar yoki «1148» qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaatlarini qoldirishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring