Bank xodimi va universitet direktori o‘rinbosari ushlandi — DXX
Farg‘ona va Xorazmda OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qo‘qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, uning o‘g‘lini Qo‘qon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablag‘ini mazkur oliy ta’lim muassasasida dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Farg‘ona shahridagi xususiy universitet direktorining o‘rinbosari muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, aksincha, fuqaroning Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat pedagogika universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko‘chirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Urganch tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Urganch davlat universitetining Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter