Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

9 yoshli qizni kim o‘ldirgandi? Andijonlik ayol tergovda qiynoqqa solinganini ma’lum qildi

9 yoshli qizni kim o‘ldirgandi? Andijonlik ayol tergovda qiynoqqa solinganini ma’lum qildi

Foto: «Kun.uz»

2020-yil 21-iyun. Andijon viloyati Asaka tumanida 9 yoshli norasida qiz o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketiladi.

Ushbu shov-shuvli jinoyat ishini Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi olib borib, jinoyatni marhumaning qo‘shnisi Asroraxon Hamdamova sodir etgan deb topadi.

Ammo, 10 oy umrini qamoqda o‘tkazgan andijonlik Asroraxon Hamdamova sud zalidan ozod etildi.

U va uning advokati Kun.uz  jurnalisti bilan suhbatda qiynoq, nohaqliklar va dalillarning soxtalashtirilgani haqida so‘zlab berdi.

Qilmagan og‘ir jinoyatni hech qanday bosimsiz bo‘yiniga olishi uchun odam jinni yoki tentak bo‘lishi kerakligi, oqlangan ayolning aqli raso ekanmi, demak, sho‘rlik «qotillikka  iqror bo‘lishi uchun» qiynoqqa solinganiga shubha qilmaslik kerakligi haqida avvalroq alohida to‘xtalgan edik.

Quyidagi hikoya esa taxminlarni oqlamoqda.

Asroraxon Hamdamova hikoyasi

— Qunduzoyning (marhuma qiz) onasi Dilnoza opa bilan o‘rtamizda oldi-berdimiz bor edi. To‘ylarga borganda Dilnoza opa ham meni tillalarimni taqib borardi. Men farzand ko‘rib, «roddom»dan chiqishimga Dilnoza opaning tilla zanjirini taqib turganman. Uzilgan tilla zanjir ipda bog‘lab qo‘yilgan edi. «Roddom»dan chiqib, uyga borganimda bog‘langan ipi uzilib ketib, qayerdadir tushib qolgan ekan, yo‘qotib qo‘yganman. Tergov davrida tergovchilarga shu voqea qo‘l kelib qolib, meni firibgarlikda ayblashdi va ikki sutkaga qamab qo‘yishdi. U yerda organ xodimlarining xonasiga olib kirib, yana tergovni boshlashdi.

Umid aka: «Bo‘ldi, qizni sening ering o‘ldiribdi», dedi. Mening erim qilmagan, erim buni isbotlab bo‘ldi, erim hech qachon bunaqa ish qilmaydi, deganimda: «Yo‘q, sening ering qilmagan, lekin hammasini bo‘yniga olib bo‘ldi», dedi. «Shuning uchun sen bo‘yningga ol», deb ustimdan kulishdi. Shunaqa gaplar bilan menga tazyiq o‘tkazishib, yomon ahvolga tushirib qo‘yishdi.

Keyin meni devor burchagiga turg‘azib qo‘yib, yomon gaplar bilan haqorat qilishdi. Umid Karimov: «Bo‘yninga qo‘yaman, aytib berasan hammasini» dedi. Keyin yonimga kelib: «Agar bo‘yningga olmaydigan bo‘lsang», deya menga qo‘llari bilan tegindi. Qo‘li bilan tegingandayoq men o‘zimni yo‘qotib qo‘yib, oyog‘imdan belimgacha uvishib, badanimdan qon ketdi.

Jinoyat sodir etilishi bo‘yicha holatni o‘zlari qog‘oz chizib berishdi va mendan shular bo‘yicha gapirishimni talab qilishdi. Pichoqni qayerdan olganim, uyga qanday kirganim, qotillik sodir bo‘lgan vaziyat, barcha-barchasini organ xodimlarining o‘zlari tuzgan reja bo‘yicha gapirib berishimni talab qilishdi.

Aslida men tergovda hech narsani gapira olmaganman. Xodimlar o‘rgatgan gaplari miyamdan chiqib ketib qolavergan. Prokuraturada videoga olinadigan vaqtda ham menga o‘rgatib bo‘lib, gapirib ber, deb baqirganda ham o‘rgatgan gaplari qo‘rqqanimdan esimdan chiqib qolavergan. Videoni o‘chirib turib, boshqatdan o‘rgatib, gapirtirishgan.

Bir gal shunday holat bo‘ldiki, Sanjar aka stolda o‘tirganimda qayoqdan kelib urganini bilmay qoldim. Peshonamda ko‘kargan joylari anchagacha ketmadi. Egila olmay qolgandim. Tazyiq va jismoniy zo‘ravonliklar haqida psixolog opaga aytgandim, ammo foydasi bo‘lmadi.

Ko‘rsatuvlarni voqea joyida ko‘zdan kechirish tergov harakatiga olib borishganida umuman o‘zimda emas edim. Chunki tez yordam chaqirilganda menga ukol qilishgan va suv ichirishgandi. Men bu jarayonning tasvirlarini sudda ko‘rdim. To‘g‘risi, bunaqa ahvolga hech qachon tushmaganman.

Tergov davrida ham ruhiy, ham jismoniy tazyiqlar qo‘llanildi, besabab kaltaklashdi, aybsiz bo‘la turib, ayol boshimga 10 oy umrim qamoqxonada o‘tdi. O‘sha vaqtlarda ichimdan nimalar o‘tgani o‘zimga va yolg‘iz Allohga ayon. Hozir eslagim ham kelmaydi. Allohga shukr, oqlanib chiqdim, deydi u.

Advokatning hikoyasi

2020 yil 3 iyuldan boshlab Asrora Hamdamovaning himoyasiga kirishgan «LAWYER MASDAR» advokatlik firmasi advokati Oybek Abdurahmonov mashaqqatli kechgan tergov va sud jarayonlarini quyidagicha tasvirlaydi.

— Asakadagi bu mudhish voqea, ya’ni 9 yoshli qizcha – Qunduzoy Isroilovaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi butun O‘zbekistonni larzaga soldi. Men 2020 yil 3 iyuldan qotillikda gumon qilinayotgan Asrora Hamdamovaning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish jarayonida shunga amin bo‘ldimki, A.Hamdamovaning harakatlarida umuman jinoyat alomatlari bo‘lmagan. Nafaqat biz, balki odil sud ham ishni o‘rganib chiqib, aniq bir to‘xtamga keldi.

Qotillik sodir etilgan kuni marhuma Qunduzoyning onasi Dilnoza Ahmadaliyeva A.Hamdamovaning kelin bo‘lib tushgan uyida bo‘lgan. Dilnoza Ahmadaliyeva va Asrora Hamdamova gaplashib turganida, Asrora onasining uyiga bormoqchi ekanini va sochini turmaklatish uchun qo‘shni «salonchi» ayolni telefon orqali chaqirmoqchi ekanini aytadi. Bundan tashqari, Asrora turmush o‘rtog‘i bilan ham bog‘lanishi kerak bo‘lgan. Asroraxonda telefon yo‘qligi sabab, Dilnoza Ahmadaliyeva uyida qizi Qunduzoyda telefon borligini va A.Hamdamovaga olib chiqib, ishlatishi mumkinligini aytadi. Asrora to‘rt-besh daqiqada kirib chiqqan. Bu Dilnoza Ahmadaliyevaning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlanyapti.

Shuni aytib o‘tish kerakki, ko‘p noaniqliklar mana shu – A.Hamdamovaning marhumaning uyiga kirib chiqish vaqti bilan bog‘liq Men o‘zim tajriba sifatida o‘sha joyning o‘zida, ular gaplashib turgan joydan marhumaning uyi darvozasiga borib-kelishni metrlab, qadamlab o‘lchab chiqdim. 3 daqiqa-yu, 15 soniya vaqt ketdi. U mana shu vaqt oralig‘ida turgan joyidan xonadonga borib, xonama-xona kirib, moddiy qiymatliklarni tortmalardan izlagan bo‘lishi kerak. Bu umuman mantiqqa va ichki ishlar xodimlarining xronometrajiga ham to‘g‘ri kelmayapti.

Asroraxon bu qotillikni sodir etadigan bo‘lsa, u xonadonning kamida 30 metr ichkarisiga kirib turib, xonadondan pul mablag‘ini, moddiy qimmatlikni qidirishi kerak. Bu esa aytilayotgan vaqtga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Asroraxon 10 oydan ortiq muddat qamoqda saqlangan. Uch oylik qo‘lida go‘dagi bor ayol kishini qamoqda saqlashga qonun yo‘l qo‘ymaydi.

Marhuma Qunduzoy Isroilovaning orqa peshovidan olingan tamponda erkak kishining spermatozoidi aniqlangan. Bir qancha fuqarolardan mansubligini aniqlash maqsadida namunalar olingan.

Tergov jarayoni ketayotgan paytda, Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Sherzod aka: «Bu spermatozoid haqida eshitasizlar. Bizda ma’lumot bor. Hozir sizlarga oshkor qila olmaymiz, bu ishni o‘spirin bola qilgan. Spermatozoid o‘spirin bolaga tegishli. 17-18 yoshli yigit. Biz aniqlab bo‘lganmiz», degandi.

Aslida tergov jarayoni sanksiya olingandan keyin 3 oy muddat davomida tugashi kerak edi. Bizga qarorni berishgach bildikki, Asroraga marhumning xonadonida bir yil muqaddam o‘g‘rilik jinoyati sodir bo‘lgani holati bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Bu ham hech qanday isbotini topmagan.

Yana bir ayblov D.Ahmadaliyevaning tilla zanjiri (sepochka) yo‘qolgani bilan bog‘liq. Shu yil 19 martda Asrora chaqaloq ko‘rgan va tug‘uruqxonadan chiqishida D.Ahmadaliyevaning «sepochka»sini olib yo‘qotib qo‘ygani holati. Bu ayblov haqida shuni aytish mumkinki, advokatlar «ikki karra ikki to‘rt»dek biladigan holat bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Sababi, fuqarolik holati va firibgarlik o‘rtasida farqni yuristlar yaxshi biladi. Firibgarlik bu – birovning mulkini aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish bilan sodir etiladi. Bu esa ikki fuqaro o‘rtasidagi oldi-berdi munosabati edi.

Biz Bosh prokuratura tergovchisiga bu holatni aytdik. Tergovchi: «Bo‘pti, qarz ekan. 4 million so‘mni to‘lab qo‘ysin, ayblovdan chiqarib yuboramiz», dedi.

Bugungi kunga kelib, aynan mana shu ayblov bo‘yicha firibgarlik moddasi bilan sud hukmi chiqdi. Biz bu holatga hali o‘z munosabatimizni bildiramiz.

Shuningdek, qo‘yilayotgan ikkita bevosita bir-biri bilan bog‘liq 97- va 164-moddalarga (qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik) to‘xtalsak.

Bularga asosan, go‘yoki A.Hamdamova marhum qizaloqning uyiga moddiy qiymatliklar va pul o‘g‘irlash uchun kirib, hamma xonalarni titib, oshxona yonidagi xonada tortmani ochadi va u joydan ma’lum bir summadagi pulni olayotganida marhuma Qunduzxon uni ko‘rib qolgan. Asrora guvohni yo‘qotish, jinoyatini yashirish maqsadida unga go‘yoki 19 marta pichoq urgan. Bu holatda sababiy bog‘lanish yo‘q. O‘ylab ko‘ring, pulni olayotganini ko‘rib qolgan qizni o‘ldirishga arzirli holat emas-ku?

Gumonlanuvchini vaqtincha saqlash hibsxonasiga olib tushishdi, sanksiya olishdi. Oq qog‘ozga chizib o‘rgatib, «vivodka»ga olib chiqishdi. Bo‘yniga qo‘yib, pichoqni ko‘rsatib olishdi. Qisqasi, A.Hamdamovadan «iqroriy ko‘rsatma»ni olishdi. Endi, Asroraxon ko‘rsatib bergan xo‘jalik pichog‘idan marhumaning biologik materiali, ya’ni qonni aniqlashsa, A.Hamdamova qotillik jinoyati bilan uzoq muddatga qamoq jazosi qo‘llanishi kerak edi. Ehtiyot chora sifatida ayol qamab qo‘yildi.

Orqaga yo‘l qolmagandi. Endi marhum qizaloqda aniqlangan jarohatlar va spermatozoidni yo‘q qilish ularning asosiy vazifasi bo‘lib qoldi. Jinoyat ishida mavjud bo‘lgan murdani ekspertiza qilish jarayonida olingan suratlarda marhuma qizning orqa peshovidan olingan tamponlarda spermatozoid aniqlangan. Bundan tashqari, orqa peshov suratini ko‘rgan inson zoti jarohatlar izidan seskanib ketadi. Mazkur holatlarni chekkalab o‘tib bo‘lmas edi.

Bundan tashqari, Andijon viloyat sudida ishlovchi sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazgan ayol kishiga tazyiq o‘tkazilgan deb hisoblayman. Chunki u sudga kelishdan bo‘yin tovlab yurdi. Mana shu ayol tampondan spermatozoidni aniqlagan va xulosa bergan.

Bu xulosalarni biz olganmiz. Shundan so‘ng Toshkent qayta ekspertiza qildi va ularga berilgan namunadan spermatozoid aniqlanmagani haqida xulosa berdi.

Birinchi ekspertiza olgan ayoldan: «Mening yoshim katta, adashdim shekilli», qabilida ko‘rsatma olishdi.

Oxir-oqibat o‘sha ayolni sudga olib kelishdi. Va ko‘p narsa oydinlashdi. Spermatozoidni aniqlashning ikki xil usuli bor ekan – «ekspress test» va «skarpiyan» degan usul. Har ikkala uslubda ham spermatozoid aniqlangan ekan. Bu usullar bir-birini inkor qila olmasligi aniqlandi. Bundan tashqari, insondan ajraladigan hech qaysi boshqa suyuqlik spermatozoidning tarkibini bera olmas ekan. Sudda bu holat aniq aytib ketildi.

Biz shu narsaga amin bo‘ldikki, har bir protsess, sud tergovi A.Hamdamovaning aybsizligini isbotladi. Asroraga qarshi biror dalil-isbot topilmadi. To‘g‘ri, guvohlar, ya’ni o‘sha yerda ishlayotgan ustalar, uning xonadonga kirib-chiqqanini ko‘rishgan, lekin qo‘lida pichog‘ini yoki kiyimida qon izlarini ko‘rishmaganini aytishdi.

Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, qotillik jinoyati sodir etildi. Haqiqiy qotilni izlash boshlandi. Andijon viloyati IIB qotillik jinoyatlari bilan ishlash bo‘limi xronometraj o‘tkazib, marhumning onasi va boshqalarni so‘roq qilishi jarayonida marhumni oxirgi marta ko‘rgan A.Hamdamova bo‘lib chiqyapti. Shundan so‘ng unga tazyiq, qo‘rqitish, aldash yo‘llari bilan bosim o‘tkazib, qamoqqa tiqib olib, «vivodka»ga olib chiqib, bo‘yniga qo‘yishgan. Ular ma’lum bir ma’noda maqsadiga ham erishgan. Balki, yuqoridan «jinoyatni ochasan» degan buyruq bo‘lgandir.

Qotillik ishlarida ekspertiza xulosasi birinchi o‘rinda turadi. Qamalishidan manfaatdor taraf, pichoqning dastasidan biologik material chiqqaniga e’tibor qaratdi. Aynan mana shu detalni aniqlashtirib olish uchun sud yana bir oyga cho‘zildi. Yana ekspertiza o‘tkazildi. Bu safargi ekspertiza ham Asroraning foydasiga ishladi. Barcha ish hujjatlarining yuz foizi himoyamdagi shaxsning manfaati tarafida chiqdi. Haqiqat yuzaga chiqdi.

Fikrimcha, bu yerda haqiqiy qotil – erkak kishi. Chunki hodisa joyida spermatozoid aniqlangan. Qotil ko‘chada yurishini hech kim hohlamaydi. Go‘dakni qiynab o‘ldirgan haqiqiy qotil albatta topilishi kerak.

Yana bir holat. O‘tgan yil 23 iyun kuni Asaka tuman prokurori o‘rinbosari Egamberdiyev tomonidan aynan voqeaga guvoh bo‘lgan voyaga yetmagan Abdurahmon Obidjonov so‘roq qilinganida, u bir shaxsni gilos daraxti ustida ko‘rganini aytib o‘tgan. Lekin, tergovchi mazkur holatni ayblov xulosasida aks ettirmagan, — deydi advokat Oybek Abdurahmonov.

***

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, Asrora Hamdamovaning birinchi instansiya sudida oqlangani uning shu ish bo‘yicha javobgarlikdan to‘la xalos bo‘lganini anglatmaydi. Sababi sud hukmi hali kuchga kirganicha yo‘q. Bundan tashqari, prokuratura yoki boshqa manfaatdor shaxslarning sud hukmi ustidan apellyasiya shikoyati kiritishi ehtimoli ham yo‘q emas...

Hali yoshiga to‘lmagan chaqalog‘i bo‘lsa-da, qariyb 10 oy vaqt qamoqda o‘tirgan ayol va uning advokati so‘zlari esa hamon huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ruhiy va jismoniy tazyiqlari, tergov organining noqonuniy harakatlari davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Va bu holat jiddiy o‘rganilishi hamda aybdorlar jazoga tortilishi kerakligini anglatadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring