Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Axloqsiz erkak «Yor-yor»da chiqqan ayolni yo‘ldan urdi va qotilga aylandi

Axloqsiz erkak «Yor-yor»da chiqqan ayolni yo‘ldan urdi va qotilga aylandi

«Yor-yor» ko‘rsatuvi orqali qashqadaryolik ayol bilan tanishib, uni o‘ldirgan buxorolik erkak 13 yilga qamaldi.

Ta’kidlanishicha, voqea joriy yilning 28 fevral kuni sodir bo‘lgan. Qotillik Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

Voqeaga ko‘ra, 2021 yilda turmush o‘rtog‘idan ajrashgan 35 yoshli S.M. oila qurish maqsadida «Zo‘rTV» telekanalida efirga uzatiladigan «Yor-yor» ko‘rsatuvida chiqish qilgan. U aqlli va o‘zini tushunadigan erkak bilan oila qurish istagi borligini bildirgan. Ko‘rsatuvdagi chiqishdan so‘ng S.M.ga Buxoro viloyati, Jondor tumanida yashovchi 36 yoshli fuqaro S.E. qo‘ng‘iroq qilib, u bilan tanishgan va ko‘rishib, bir-biriga ma’qul kelishsa, turmush qurishlarini aytgan.

Ayol bunga rozi bo‘lgan va S.E. bilan tanishish uchun uni G‘uzor tumaniga taklif qilgan. Ular ko‘rishishgan va o‘zaro tanishishgan. S.E. hamda S.M. o‘rtasidagi o‘zaro so‘zlashuv ishqiy munosabatga aylanib ketgan. G‘uzorga tez-tez qatnashni boshlagan erkak S.M. bilan uning singlisining uyida uchrashib yurgan. Biroq, oila qurish haqida so‘z ham ochmagan S.E.ni ayol qistovga olgan va to‘ydan darak bermayotganidan shikoyat qilgan. Oxir-oqibat ayol va erkak o‘rtasida janjal kelib chiqqan. S.E. ayolga tan jarohati yetkazib, uni  hushsiz holga kelguncha do‘pposlagan, tepgan va kaltaklagan. So‘ngra hushsiz tanani singlisi yashaydigan hovlidagi quduqqa tashlab yuborgan.

Voqeaning ertasi kuni quduqdan jasad topilgani haqidagi mash’um xabar haqida ichki ishlar idoralariga ma’lum qilingan.

G‘uzor tuman prokurori Bahodir Erkayevning aytishicha, marhumaning jasadi quduqdan chiqarib olingan.

«Jasadning bo‘yin qismida sirtmoq izlari bo‘lib, istisno tariqasida o‘ldirilgani aniqlandi. Marhumaning jasadi hovlidagi chuqurligi 2,5 metrlik quduqdan chiqarib olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi», — dedi Bahodir Erkayev.

Qayd etilishicha, gumondor ayol hushsiz holatga keltirgach, uning  bo‘yniga sirtmoq tortgan va bo‘g‘gan. So‘ngra esa uni o‘ldi, degan o‘yda quduqqa tashlab yuborib, o‘limiga sababchi bo‘lgan. 

Tergov-surishtiruv ishlari davomida S.M. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan va gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan S.E. avvaliga o‘zini sipo tutgan va aybi yo‘qligini aytishga uringan. Biroq, uning kirdikorlari fosh etilgan. Va qotillik bilan bog‘liq ish Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Jondor tumani, «Demun» mahallasi faolining «Xabar.uz»ga bildirishicha, fuqaro S.E. o‘z turmush o‘rtog‘i bilan bir yil yashab-yashamay ajrashgan. Uni surunkali kaltaklab, do‘pposlab kelgan.

«Bundan tashqari, o‘zi yashaydigan mahallada ham juda ko‘plab ayollarning turmushiga dahl qilib kelgan. Axloq va tarbiyada noqobil edi. Bir nechta oilali ayolga zo‘ravonlik qilmoqchi bo‘lganda, qishloq erkaklari tomonidan do‘pposlandi ham. Hatto, uni qishloqdan haydab yubormoqchi bo‘lib turishgandi», — dedi mahalla faoli.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring