Andijonda mansabdor 15 ming AQSh dollari olayotganda qo‘lga tushdi
Asaka tumanidagi «Sharq haqiqati» massivi rahbari Sh.A. 15 ming AQSh dollari olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Sh.A. o‘zi rahbarlik qilayotgan massiv hududidan Asaka tuman hokimligi mansabdor shaxslari orqali 2 gektar yer maydoni (issiqxona qurish uchun) ajratib berish evaziga fuqaro B.A.dan 30.000 AQSh dollari talab qiladi. Talab qilgan pulning teng yarmini (yana deng, B.A. uning yashash uyida!) sanab olayotganda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi va DXX xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olinadi.
Holat yuzasidan firibgarlik va pora berishga qasd qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh.A. gumondor tariqasida hibsga olingan.
...Xabarning mazmuni shu. Mavridi kelgan ekan, mavzu bo‘yicha ikki og‘iz gap aytsak. «Yerfurushlik» orqasidan qo‘lga olinayotganlar oz emas. Ularning aksariyati masalani «mahalliy hokimlik mansabdorlari orqali hal qilib berishini» aytadi. Bu gapi to‘g‘ri, zero, yer maydoniga oid masalalar mahalliy hokimlik mansabdor(lar)i bilan bitadi. Buning boshqa muqobil yo‘li yo‘q. Biroq shunga qaramay, «yer biznesi» bo‘yicha birorta hokim shu choqqacha jinoiy javobgarlikka tortilganini eshitmadik, eshitmadik-da?! Bu nedan dalolat: joylardagi hokimlarimiz rostanam halol-pok, ularning nomini sotib, qo‘lga tushayotganlar sidirg‘asiga firibgarmi? Mahalliy hokimliklarga kelganda tergov organlari quvvatdan qoladimi yo?
Shu mazmundagi savollar ko‘pdan buyon javobini kutyapti, axir?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter