Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon. Hokim sudga kelmadi

Andijon. Hokim sudga kelmadi

Foto: «Fokus.ua»

Avval ma’lum qilganimizdek, Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov «Andijonnoma» ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyatiga nisbatan «Maqolani qonun talablariga zid deb topish va raddiya chop etish majburiyatini yuklash to‘g‘risida»gi da’vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga murojaat etgan hamda dastlabki sud majlisi 29-mayga belgilangan edi.

Sud majlisida hozir bo‘lgan «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbirining xabar berishicha, javobgar tomon hamda jarayonni yoritish maqsadida yetib kelgan qator markaziy nashrlar xodimlari da’vogar, ya’ni hokimni bir soatdan ortiq kutishgan.

Biroq tuman ma’muriyati rahbari ham, uning ishonchli vakili ham hech bir sababsiz sud majlisiga kelmagan. Shu sabab sud raisi M.Ahmadaliyeva  sud majlisini 14 iyunga qoldirishga majbur bo‘ldi. Agar da’vorgar yana sudga kelmasa... mayli, chuqurlashmaylik, bu kelajak ishi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 2-mart kuni «Andijonnoma» gazetasida Ulug‘bek Isomiddinovning rahbarlik faoliyati haqida taniqli jurnalist Qobiljon Asqarovning «O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?» sarlavhali tanqidiy maqolasi chop etilgandi. Yaxshigina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan maqolada keyingi yillarda tuman tashkilotlarida bo‘y ko‘rsatayotgan kadrlar qo‘nimsizligi juda ko‘p sohalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi, unumdor yer maydonlaridan boshqa maqsadda foydalanish holatlari, fuqarolar murojaatiga e’tiborsizlik, ta’lim tizimidagi qoloqliklar xususida jiddiy iddaolar ilgari surilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring