Alisher Jalilov: «Stoling ustiga farzandlaringni rasmini qo‘yib qo‘y, deymiz...»
AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning birinchi choragida 76 nafar sudya lavozimga tayinlandi, 22 nafari vazifasidan ozod etildi, 80 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Kengash vazifalaridan kelib chiqqan holda professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan to‘ldirish, kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida aniq maqsadli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish va sudyalar daxlsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami haqida ma’lumotlar berildi. Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosari Alisher Jalilov bu haqida shunday dedi:
«Biz korrupsiyaning oqibatlari to‘g‘risida kitoblar chop etyapmiz, filmlar suratga olyapmiz, bannerlar ilyapmiz, ammo bu to‘la samara beradi degan emas. Hammasi vijdonga bog‘liq. Jazo choralarini ko‘paytirish barchasini tuzatib qo‘ymaydi. Biz sudyalarimizga stoling ustiga farzandlaringni rasmini qo‘yib qo‘y, deymiz. Ibrat bo‘lsin, qilmishini o‘ylab ko‘rsin, deymiz. Asosiy vazifamiz sudyalarimizning adolatni ta’minlashini qo‘llab quvvatlashdir».
2021 yilda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar faoliyati o‘rganilib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan. 2022 yilning birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan bo‘lsa, intizomiy javobgarlikka tortilganlar 80 nafarni tashkil etadi. 2021 yilda vakolat muddati tugagan 12 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq deb topilgan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragida bu miqdor 4 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek anjumanda ma’lum qilinishicha, Sudyalar oliy maktabida 2021 yilda 73 nafar sudyalikka nomzod kasbga tayyorlanib, shundan 62 nafari ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi.
Kengash tashabbusi bilan pora olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan sudya va oila-a’zolarining iztirobi aks etgan «Pushaymon» nomli qisqa metrajli filmi, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida «Pora berma» nomli posteri, «Pora olma» nomli bukleti, «Sudyaning ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» nomli ma’rifiy kitobi chop etilib, barcha sudyalarga bepul tarqatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter