Advokatning fig‘oni falakda: mijozi undan voz kechibdi. Nega?
Advokatning aytishicha, bunga uni tergovchi majbur qilgan, Bosh prokuratura esa protsessual qonunchilik buzilmaganini aytmoqda.
«Advokatnews.uz» advokatning so‘zlarini keltirdi: «Bosh prokurorga ishonch bildirib, bir jinoyat ishi bo‘yicha tergovchining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan yozgan ilk shikoyatimdan keyin muammo bartaraf etilishi o‘rniga teskarisi bo‘ldi. Jumladan, 25 jilddan iborat jinoyat ishi bilan tanishib chiqish uchun menga tergovchi 4 kunlik muddat belgilab, huquqlarimni cheklagan holda hujjatlar bilan imkon qadar tanishtirmaslik payiga tushgach, bu haqda 22-fevral kuni Bosh prokuror nomiga yana bir shikoyat topshirishga majbur bo‘ldim. Bundan xabar topgan tergovchi esa himoyamdagi mahbusga «advokat A.Xamidovdan voz kechasan», deb bosim o‘tkazibdi. 25-fevral kuni tergov hibsxonasida ko‘rishganimda himoyamdagi shaxs bu haqda menga aytib berdi (uning bu gaplarini diktofonga yozib olganman). Shu bois tergovchi himoyamdagi shaxsni mendan voz kechtirishga majbur qilishi mumkinligi to‘g‘risida Bosh prokuraturaga o‘sha kuniyoq yana shikoyat yozdim. Shundan so‘ng advokat I.Teshayev bilan birga tergovchining xonasiga bordik. Ammo, xuddi gumon qilganimizdek, u «ayblanuvchi sizlardan voz kechdi», deya jinoyat ishi hujjatlarini tanishish uchun bizga bera olmasligini aytdi. Keyin esa advokatdan voz kechish jarayonini o‘tkazish uchun himoyamdagi shaxsni olib kirishdi. U mazkur yuzlashuvda «Shikoyat yozgani uchun advokat A.Xamidovdan voz kechyapman» deb aytdi va bayonnomaga ham bu haqda o‘z qo‘li bilan yozib, imzoladi. Men undan: «Tergovchining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat yozganim uchun mendan voz kechayapsizmi?» deb so‘raganimda esa u: «Ha, shunday», deb javob berdi.
Shundan buyon tergovchi nega bunday noqonuniy xatti-harakatlarga qo‘l urayotgani sabablarini o‘rganishga harakat qildim va hujjatlar asosida tegishli xulosaga ham keldim. Ushbu xulosalarni batafsil bayon qilgan holda 27-fevralda Bosh prokurorga, 14 martda esa Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosariga shikoyat topshirdim. Shikoyatlarimga himoyamdagi shaxs bilan bo‘lib o‘tgan suhbat yozilgan xotira qurilmasini va o‘sha suhbat stenogrammasini ham ilova qildim. Xususan, ushbu suhbatda himoyamdagi shaxs aytadi: «Tergovchi: «Advokat A.Xamidovdan voz kechasan, aks holda o‘g‘lingni va onangni qamayman», deb tahdid qildi, shu sababli Sizdan voz kechishim to‘g‘risida ariza yozib berdim».
Ammo bu shikoyatlarimga Bosh prokuraturaning munosabati, to‘g‘risi, hafsalamni pir qilib, umidlarimni puchga chiqardi...»
«Advokatnews.uz» yozadi: Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 2019-yilning 17-mart sanasi bilan imzolagan javob xati nusxasini advokat bizga taqdim qildi. Mazkur javob xati «Sizning H.ga (ism-sharif tahririyatning shartli qisqartirishida) nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizalaringiz o‘rganildi» deb boshlanadi va bu aynan qaysi bir arizaga javob ekani ham ko‘rsatilmagan (demak, barcha 6 ta arizaga bo‘lsa kerak). Keyin jinoyat ishi tarixi haqida qisqacha ma’lumot berilib, ayni paytda uning «mazmunan ko‘rish uchun 16.03.2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuborilgan»i xabar qilinadi (nazarimizda, sanada texnik xato bor, chunki mantiqan voqea 2019-yilga to‘g‘ri kelmoqda). Shundan so‘ng esa go‘yo ariza mazmuniga javob beriladi:
«Bundan tashqari, arizangizda keltirilgan vajlaringiz bo‘yicha H. tergovda Siz va boshqa himoyachilarning himoyasidan o‘z xohishiga ko‘ra Bosh prokuror nomiga yozgan arizasi asosida voz kechgan.
Tergovda Jinoyat-protsessual qonuni talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Sizga H.ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishining tergovi yuzasidan kelgusida sudga murojaat qilish huquqingiz borligini tushuntiraman».
Nazarimizda, izohga hojat bo‘lmasa kerak... Uzr, negadir bitta raqam bizning e’tiborimizni tortdi – jinoyat ishi Oliy sudga 16-mart kuni jo‘natilgan, javob xati esa 17-mart kuni imzolangan. Demak, ish sal kamayganidan keyin javob yozishga fursat topishgandir-da, to‘g‘rimi? Zero, tergov harakatlari ustidan Bosh prokuror nomiga shikoyat arizalari 4 fevraldan boshlangan edi (Boshqarma boshlig‘iga 21 yanvarda yozilgan arizani inobatga olmagan taqdirimizda ham)...
Shu o‘rinda aytishimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori joriy yilning 4-fevralida Advokatlar palatasi raisi bilan uchrashuvda advokatlarning huquqlari buzilishiga doir shikoyatlarni shaxsan o‘zi nazoratga olishini va’da qilgach, Toshkent shahridagi «EGIDA» advokatlik byurosi advokati A.Xamidov bunday e’tibordan quvonchini bizga ma’lum qilgan va Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan Bosh prokurorga yozgan shikoyati yuzasidan endi tegishli chora ko‘rilishiga ishonch bildirgan edi.
Advokatning bu qadar umidsizligi sababi shunda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter