Advokat Gulnora Karimovaning sog‘lig‘idan jiddiy tashvishda. Bosh prokuratura bu bayonotni rad etdi
Sodir etgan qator iqtisodiy jinoyatlari uchun tayinlangan jazoni o‘tayotgan Gulnora Karimovaning shvetsariyalik advokati Greguar Manja «Twitter»dagi sahifasida qoldirgan posti mijozini yana omma diqqat markaziga olib chiqdi.
Advokat mijozi bilan uchrashganidan so‘ng: «u (G.Karimova) qamoqxonaning tibbiyot bo‘limidan chiqarilib yuborilgani»ni ta’kidlar ekan, mahkumaning shifokor ko‘rigida bo‘lishi haqidagi talablari rad etilib, mudom ruhiy bosim ostida ekanini aytadi. Shuningdek, Gulnora Karimovaning salomatligi unda jiddiy tashvish tug‘dirayotganini ham qayd etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi advokat Greguar Manjaning yuqoridagi bayonotini rad etmoqda. Mahkama matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning «Xabar.uz» so‘roviga javoban aytishicha: «G.Karimova oldiga shifokorlarning kirishi uchun hech bir to‘sqinlik yo‘q. Tibbiy muolaja zarurati bo‘lsa, barcha kerakli choralar ko‘riladi. Hozirda G.Karimovaning sog‘lig‘i holati qoniqarli, bu borada hech bir e’tiroz bildirilgani yo‘q».
Eslatib o‘tamiz, G.Karimovaga avval tayinlagan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi 2018 yilning iyul oyida «ozodlikdan cheklash»ga almashtirilgan edi. Biroq, oradan to‘qqiz oy o‘tib, mahkuma belgilangan tartibni bir necha bor qo‘pol ravishda buzganidan so‘ng u uy qamog‘idan yana umumiy rejimdagi koloniyaga o‘tkazilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter