O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan va 18 yoshga to‘lganlar ekologiya nazoratchisi bo‘lishi mumkin
2024 yil 1 iyunga qadar jamoatchilik ekologiya nazoratchiligiga nomzodlar Ekologiya vazirligi tomonidan mustaqil ta’lim shaklida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 24 fevralidagi «Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorida alohida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Nizomda jamoatchilik ekologiya nazoratchisi faoliyatini tashkil qilish tartibi, maqomi, vazifasi, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan va 18 yoshga to‘lganlar ekologiya nazoratchisi bo‘lishi mumkin.
Ekologiya nazoratchisi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
— sohaga oid qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yishda ishtirok etish;
— ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, brakonerlikka qarshi kurashish;
— tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.
Ekologiya nazoratchisi quyidagi huquqbuzarliklarni aniqlaganda dalolatnoma rasmiylashtiradi:
— chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash yoki yoqib yuborish;
— avtotransport vositalarini ochiq suv havzalari yaqinida yuvish hamda oqova suvlarni ushbu havzaga oqizish;
— qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish;
— jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatidan hosil bo‘lgan oqova suvlarni belgilanmagan joylarga oqizish;
— noqonuniy ov qilish;
— daraxtlarni noqonuniy kesish, o‘simliklarni yo‘q qilishga olib keluvchi boshqa holatlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2023 yil 31 maydagi 81-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan ushbu lavozim ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratini tashkil etish, fuqarolarning bu boradagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter