Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

14 yoshli qizning nomusiga tegishda gumonlangan shaxs qamoqqa olingan

14 yoshli qizning nomusiga tegishda gumonlangan shaxs qamoqqa olingan

Foto: «O‘zA»

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 2020-yilning sentyabr oyida 14 yoshli qizaloqni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi mudhish jinoyat sodir etilgan shaxslar hamon jazosiz qolayotgani haqida ma’lumot berilgandi. So‘ng Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov ushbu holat o‘rganilganini bildirgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17-mart kuni 14 yoshli qizni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi jinoyat sodir etilgan shaxslar jazosiz qolayotgani to‘g‘risida xabar e’lon qilinganidan bir kun o‘tib, gumonlanuvchi A.X. Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

18 mart kuni A.X. Jinoyat kodeksining 118-modasi 3-qismi (shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda nomusga tegish) bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Gumonlanuvchini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida sudga kiritilgan iltimosnoma qanoatlantirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumani sudining 19 martdagi ajrimi bilan A.X.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu ish bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumani prokuraturasi tomonidan 2020-yil 30-sentyabrda Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Surishtiruv natijasiga ko‘ra, ayblanuvchi shaxslar aniqlanmaganligi asosi bilan jinoyat ishi 2020 yil 30 oktyabrda Jinoyat protsessual kodeksining 1-qismi 1-bandiga asosan to‘xtatilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari jabrlanuvchi tomonning sa’y-harakati bilan 2021 yil 13 fevralda tiklangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Toshkent viloyati prokuraturasi nazorat qilib borayotgan tergov jarayonida voyaga yetmagan qizning nomusiga teggan shaxsga qo‘yilgan ayblov Jinoyat kodeksining 128-moddasidan (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 118-moddasi 3-qismiga (shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda nomusga tegish) o‘zgartirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring