100 dollar pora bergan haydovchining ozodligi ikki yilga cheklandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanida ko‘rib chiqilgan sud ishida 100 AQSh dollari evaziga o‘z «aybi»ni yopmoqchi bo‘lgan 35 yoshli fuqaroning ozodligi ikki yilga cheklandi.
Bildirilishicha, fuqaro X.J. boshqa bir shaxsga tegishli «Damas» avtomashinasini transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz boshqargan. Uning avtomashinani hujjatlarsiz boshqargani Qorako‘l tumanidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 329-kilometrida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmat olib borayotgan inspektor S.H. tomonidan aniqlangan. Inspektor haydovchi X.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128-moddasi (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) 1-qismi, 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Oradan ikki soat o‘tgach, «Mehr» MChJga qarashli jarima maydonchasi oldiga kelgan X.J. inspektor bilan uchrashgan. Unga nisbatan yengilroq jazo nazarda tutilgan huquqbuzarlik bilan bayonnoma rasmiylashtirish va avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni so‘rab, evaziga 100 AQSh dollarini inspektorning cho‘ntagiga solgan.
Inspektor zudlik bilan X.J.ni ogohlantirib, xatti-harakatlarini taqiqlagan va guvohlarni chaqirgan. Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida X.J. aybiga iqror bo‘lib, chin dildan pushaymonligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, aybdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 211-moddasi (pora berish) bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter