Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-noyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

1-noyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Ayrim soliq imtiyozlarini bekor qilish, bojxonada, davlat xaridlarida, IT-soha va turizmda yangi tartiblar. Bu haqda «Norma» portali batafsil sharh taqdim etdi.

Soliq imtiyozlari qisman qisqartiriladi

1 noyabrdan boshlab Soliq kodeksida nazarda tutilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:

a) yer solig‘i bo‘yicha egallagan yer uchastkalari:

  • sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan dam olish uylari;
  • aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
  • sanatoriy-kurort ob’yektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;

Ko‘rsatilgan yer uchastkalarida foydalanilmayotgan maydonlar bo‘yicha yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llaniladi (batafsil qarang);

b) mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk ob’yektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa. Foydalanilmayotgan sog‘lomlashtirish va rekreatsion yer maydonlari uchun oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash mexanizmi alohida ishlab chiqiladi.

Davlat xaridlarida islohtlar davom etadi

1 noyabrdan davlat xaridlarida qator qoidalar amal qila boshlaydi:

a) korporativ buyurtmachilar umumiy qiymati BHMning 50 000 baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlari (ishlar, xizmatlar) xaridlarining maqsadga muvofiqligini kuzatuv kengashlariga (ta’sischilarning umumiy yig‘ilishiga) ko‘rib chiqish uchun taqdim etishlari shart. Bunday xaridlarning ro‘yxati har chorakda tasdiqlanadi;

b) xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik chegaralanishi mumkin. Hukumat quyidagilarga asoslangan holda maxsus ro‘yxatni («qora ro‘yxat») shakllantiradi va tasdiqlaydi: 

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va SSPning hududiy hokimiyatlar bilan kelishilgan qo‘shma takliflari;
  • cooperation.uz portalida joylashtiriladigan hamda tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va ularning ishlab chiqaruvchilari haqidagi ma’lumotlar;

v) tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O‘zbekiston) narxidan 15%dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi;

g) hududiy budjet buyurtmachilarining xarid komissiyalari tarkibiga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari majburiy tartibda kiritiladi.

 

Ushbu yangiliklar quyidagi xarid jarayonlari va shartnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan;
  • Prezident va Vazirlar Mahkamasining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning boshqa tartibi o‘rnatilgan alohida qarorlari bo‘yicha tuziladigan;
  • mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash maqsadida amalga oshiriladigan, shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Biznesga – o‘simliklar karantini masalalarida ko‘mak

Eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi. Ular mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishadi, biznesga maslahatlar va amaliy yordam berishadi.

O‘z hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini o‘tkazish to‘g‘risida Inspeksiyaga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Bojxonada yangiliklar

Bojxona sohasida 1 noyabrdan quyidagi o‘zgarishlar ro‘y beradi:

  • BYuDni rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
  • tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish o‘rniga ko‘proq bojxona nazoratining muqobil turlaridan foydalaniladi;
  • DBQning xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida paydo bo‘ladi;
  • transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchi onlayn rejimida qayta olib chiqish muddati uzaytirishi va tegishli yig‘imni to‘lashi mumkin;
  • «bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik sub’yektining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.

IT-cohasida yangi tartibga solish

«Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini amalga oshirish doirasida 1 noyabrdan boshlab:

a) axborot texnologiyalariga o‘qitish, apparat-dasturiy vositalarni ishlab chiqish va realizatsiya qilish, roboto-texnika, Internet tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini eksport qilish, shuningdek, ma’lumotlarni saqlash va hisoblab qayta ishlash sohasida xizmat ko‘rsatadigan rezident hisoblangan yuridik shaxslar IT-park rezidenti maqomini olishi mumkin bo‘ladi;

b) yopiq binolarda aloqani tashkil etish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun ajratilgan radiochastota doirasida 500 mVt dan oshmaydigan quvvatda ishlaydigan baza stansiyalaridan foydalanishga ruxsatnomani rasmiylashtirish bo‘yicha talablar (tasniflangan ob’yektlar yaqinida o‘rnatiladigan mobil aloqa baza stansiyalari bundan mustasno) bekor qilinadi;

v) mobil aloqa operatorlari:

  • telekommunikatsiya qurilmalari va inshootlarining qurilish-montaj, rekonstruksiya, sinovdan o‘tkazish va integratsiya qilish ishlarini yakunlash hamda tijorat maqsadida foydalanishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, telekommunikatsiya qurilmalari va inshootlarining konstruksiyasini o‘zgartirish, mavjud qurilmalardagi hamda telekommunikatsiya liniyalari va inshootlaridagi uskunalarni kengaytirish bo‘yicha xabardor qilish tartibidan foydalanadilar;
  • radioelektron qurilmalar, asbob-uskunalar va boshqa qurilmalarni O‘zbekistonga olib kirish ruxsatnomasini, sotib olish, o‘rnatish, loyihalash va qurish uchun ruxsatnoma olmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirishlari mumkin;

g) investitsiya loyihalari hamda jalb etilayotgan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar mablag‘lari umumiy miqdorining 5%dan kam bo‘lmagan qismi «raqamli» komponentlarga yo‘naltiriladi;

d) barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida rahbar o‘rinbosarlaridan biriga raqamlashtirish bo‘yicha (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatiladi.

Yangi ustamalar joriy qilinmoqda

1 noyabrdan boshlab quyidagi har oylik ustamalar joriy etiladi:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati va sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari xodimlariga - ko‘p yillik ishlaganlik,  rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda:

  • 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 1;
  • 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
  • 20 yildan yuqori — 1,5.

b) O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlariga - lavozim maoshiga 100% miqdorida (budjet mablag‘lari hisobidan).

Keksa sayohat qiluvchilar uchun - imtiyozlar

1 noyabrdan 30 noyabrgacha birinchi har yilgi keksalar uchun turizm oyligi o‘tkaziladi. Uning doirasida turizm ob’yektlarida turli chegirmalar va aksiyalar, sayohat qiluvchilar uchun chiptalarga chegirmalar kutilmoqda. Madaniy meros ob’yektlariga kirish chiptalari narxlarini arzonlashtirish rejalashtirilmoqda. Tafsilotlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi, Uzbekistan Airways va O‘zbekiston temir yo‘llarining saytlarida e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring