1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi?
2021-yil 1-noyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar haqida norma.uz portali sharhi taqdim etildi.
Mahsulot sifati ustidan nazorat kuchaytiriladi
Ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulot olib kirilishini ta’minlash uchun:
- xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish tartibi joriy etiladi;
- O‘zbekistonning rezidentlariga xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi;
- majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Tekshiruvlar soni oshirildi
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga kiritilgan qo‘shimchalar kuchga kiradi. Yo‘l qurilishida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, suv ta’minoti tizimlari, elektr, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisoblash moslamalari ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari va boshqalar tekshiriladi.
Vaqtida ko‘rsatilmagan davlat xizmatlari uchun pullar qaytariladi
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ATda ro‘yxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YaIDXP orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50% miqdorida chegirma taqdim etiladi;
- davlat xizmatlari markazlari, «Litsenziya» AT hamda YaIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarga xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50%i ularga bir ish kunida qaytariladi. Ularga tegishli davlat xizmati to‘liq hajmda ko‘rsatiladi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun xizmatlar ro‘yxati kengaytirildi
Ularga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
Quruvchilardan soliqchilar uchun yana bitta hisobot
Qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanilgan noruda qazilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni DSQ tomonidan tasdiqlangan shakllarda soliq organlariga elektron shaklda soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabineti orqali taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Yetim bolalar jamg‘armalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Metall prokatiga yangi talablar qo‘yildi
Qurilish uchun metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalarda po‘lat va tayyor mahsulotlarning har bir partiyasini sifat nazoratidan o‘tkazish uchun akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari ochiladi.
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti nima bilan shug‘ullanadi
Institutga quyidagilarni shakllantirish va yuritish yuklatiladi:
- malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil malaka baholashning ma’lumotlar bazasini;
- mehnat migratsiyasida talab yuqori bo‘lgan kasblar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining ish haqi oshirildi
- hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35 foizga oshiriladi;
- tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etiladi.
Bir qator imtiyozlar bekor qilindi
Bir qator mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etish bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi to‘xtatiladi. Ro‘yxatga naslli ona baliq, baliq uvildirig‘i, baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun omuxta yem va mineral o‘g‘it (ammofos), naslli ona tovuq, parrandachilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun parranda ozuqasi, veterinariya preparatlari va boshqalar kiritildi.
Nargiza Vohidova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter