Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-iyuldan nimalar o‘zgardi

1-iyuldan nimalar o‘zgardi

Norma.uz portali 2021-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhini taqdim etdi.

Qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchilarga 
xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini (ro‘yxat bo‘yicha) amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

a) investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50%igacha, biroq 15 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar;

b) qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:

- milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha - MBning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

- chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha - tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50%i, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

v) sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.

Qishloq xo‘jaligiga – navbatdagi ko‘mak

  • QQS to‘lovchisi bo‘lgan xo‘jaliklarga quyidagi miqdorlarda respublika budjetidan subsidiyalar ajratiladi:
  • 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha:
    • foyda solig‘i;
    • mol-mulk solig‘i;
    • yer solig‘i;
    • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50% miqdorida qo‘llaniladi.
  • chorvachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shohli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 so‘m hamda sutining har bir litri uchun 200 so‘m;
  • parrandachilik xo‘jaliklariga –tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 800 so‘m;
  • baliqchilik xo‘jaliklariga – intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr)ning har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 so‘m;

Bojxona nazorati – onlayn

Bojxona nazoratining quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • toifadan tashqari maqomidagi «masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari»ni sinov tariqasida bosqichma-bosqich tashkil etish;
  • bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvini keskin qisqartirish;
  • chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan yuk tashuvchilarni ro‘yxatga olish, hujjatlarni tekshirish, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar undirish jarayonini raqamlashtirish, umumiy onlayn nazorat amaliyotini joriy etish.

Oziq-ovqat va alkogol mahsulotlari nazorati kuchaytiriladi

  • Iste’mol va texnik etil spirti tashiladigan avtotransport real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimi (GPS) bilan jihozlangan bo‘lishi kerak;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini inson salomatligi uchun xavfsizligi yoki xavf tug‘dirishi mumkinligi to‘g‘risidagi belgilar bilan markirovkalash mahsulot tarkibidagi tuz, shakar va yog‘lar miqdoridan kelib chiqqan holda, ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
  • ta’lim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish taqiqlanadi;
  • tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi imtiyozli tariflar asosida tarqatiladi (joylashtiriladi).

Eng kam pensiyalarga ustama belgilandi

  • Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20%i miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi. Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga yetkaziladi;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkaziladi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik:
    • pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi;
    • pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi;
    • nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilanadi;
    • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshiriladi.

 Oilaviy MTTga imtiyozlar belgilandi

  • Oilaviy nodavlat MTTga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
  • oilaviy nodavlat MTT tomonidan yollangan tarbiyachi va yordamchilarga tegishli toifa bo‘yicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat MTT uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlarida va hajmlarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanadi;
  • oilaviy MTT hududiy maktabgacha ta’lim boshqarmalari orqali o‘quv materiallari bilan bepul ta’minlanadi;
  • 1.01.2022 yilga qadar AK «Xalq banki» tomonidan oilaviy MTTga mebel, jihoz va asbob-uskunalarni sotib olish uchun 30 mln so‘mgacha miqdorda 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 foizli stavkada kreditlar ajratiladi;
  • oilaviy nodavlat MTT rahbarlari va xodimlarining malakasini oshirish davlat MTT uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
  • ro‘yxatda belgilangan tumanlarning ma’muriy markazlaridan tashqari joylarda yangi tashkil etiladigan oilaviy nodavlat MTTga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 30 mln so‘mgacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi;
  • 100 ta DXSh asosidagi nodavlat MTTni tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5%lik stavkada kreditlar ajratiladi;
  • DXSh asosidagi nodavlat MTTga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50%i miqdorida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oylik kompensatsiyalar to‘lanadi;
  • 2018-2019 yillarda nodavlat MTTni tashkil etish uchun DXSh to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq avval berilgan kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddati 1.01.2022 yilga qadar uzaytiriladi;
  • ro‘yxatda belgilangan olis va chekka hududlarda joylashgan DXSh asosidagi nodavlat MTTga:
    • har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davlat MTTning bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75%i miqdorida subsidiya to‘lanadi;
    • «Yoshlar daftari», «Temir daftar» yoki «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun mazkur daftarlar jamg‘armalari hisobidan davlat MTTning bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25%i miqdorida subsidiya to‘lanadi.

Davlat organlaridagi xarajatlar jamoat nazoratiga chiqariladi

Davlat organlari va tashkilotlari quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlaydi:

    • davlat xaridlari, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
    • mansabdor shaxslarning xizmat safarlari hamda xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olishga doir xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
    • Prezidentning, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari beriladigan benefitsiar sub’yektlar, shuningdek ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
    • yillik xarajatlar smetalari va ularning ijrosi, shu jumladan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, avtotransport vositalarini sotib olish xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
    • Davlat organlari va tashkilotlari quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, o‘z huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlaydi:
      • tasdiqlangan jamoatchilik kengashi a’zolarning aloqa bog‘lash ma’lumotlari va shu bilan birga ular haqidagi ma’lumotlar;
      • jamoatchilik kengashi yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
      • davlat xaridlari bo‘yicha tasdiqlangan komissiya a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
      • hududlar kesimida litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni berishga hamda bildirishnomalarni qabul qilib olishga vakolatli bo‘lgan organlarning mas’ul xodimlari, shu jumladan bunday hujjatlarni berilishini tashkil etadigan tegishli komissiya a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

 Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlar davom ettiriladi

  • Hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi:

a) maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan «mobil tibbiyot» xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish;

b) nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat «tibbiy punkt»larini tashkil etish;

  • ish staji 5 yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi. 

Byurokratiyani qisqartirish yuzasidan navbatdagi chora-tadbirlar

Soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan (JShShIR) foydalangan holda amalga oshiriladi. Alohida tartibda STIR berish va fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi.

Davlat korxonalarida kuzatuv kengashlari tashkil etiladi

  • Davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qo‘mitasi tashkil etiladi;
  • aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga (listingga) kiritilgan va davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida «muvofiqlik tizimi» (komplayens) xizmati tashkil etiladi. 

Aholi tomonidan taklif etilgan
chora-tadbirlarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi

Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10%dan 30%ga oshiriladi.

 Xizmatlar sohasi baholanadi

Respublika hududlarida xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingi joriy etiladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • xizmat ko‘rsatuvchi, yangi tashkil etilgan sub’yektlar soni, xizmatlar hajmi va turlari, yaratilgan ish o‘rinlari, soliq bazasi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar asosida faoliyatni baholash;
  • xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingini «Business Indicator» avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida shakllantirish, yuritish va e’lon qilish;
  • baholash natijalari bo‘yicha tegishli tashkilotlarning rahbar va boshqaruv xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ijobiy ko‘rsatkichga ega bo‘lganda – ularni rag‘batlantirish hamda qoniqarsiz ko‘rsatkichga ega bo‘lganda – intizomiy javobgarlikka tortish.

Har bir ko‘p kvartirali uyning ta’minoti
uchun badallar hisobi alohida yuritiladi

Uy-joy mulkdorlarining shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi, bevosita boshqaruvchi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.

Nargiza Vohidova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring