Yo‘lto‘sar deputat: Toshkent viloyatidagi holat o‘rganilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumanida Baxtiyor ismli deputat boshchiligidagi bir guruh aholi vakillari Surum mahallasidagi sanoat hududida yuk avtomashinalari harakatiga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Unda Quyi Chirchiq tumanidagi sanoat hududiga yuk mashinalari kirib chiqishiga aholi vakillari muntazam qarshi bo‘layotgani, ularga Baxtiyor ismli tuman kengashi deputati boshchilik qilayotgani yuzasidan tadbirkorlar murojaati qayd etilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganish olib borildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Surum mahallasida yuk tashuvchi avtotransport vositalari yo‘lini to‘sib, odob-axloq normalariga zid ravishda harakatlangan shaxs Baxtiyor Janikulov bo‘lib, u 2021 yil aprel oyida 7-Paxtachi okrugidan Xalq deputatlari Quyi Chirchiq tumani kengashi deputatligiga saylangan. B.Janikulov o‘tgan vaqt davomida aholini bir necha bor Surum MFYdagi yo‘lni to‘sishga chaqirgan.
Ma’lumki, Surum MFY xududida toshni maydalash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarining sexlari joylashgan. Odatda ushbu sexdagi maydalangan toshlar yuk mashinasi yordamida Toshkent shahriga olib boriladi. 2021 yilning sentyabr oyi boshidan to hozirgi kunga qadar, B.Janikulov o‘z vakolatiga kirmasa-da, Surum mahallasidagi 10-15 nafar fuqarolarni jalb etib, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining yo‘lini to‘sgan va deputatlik odobiga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, ularga do‘q-po‘pisa qilgan.
Mutasaddilar tomonidan B.Janikulov qonunga zid ravishda harakat qilayotgani bir necha bor tushuntirilgan.
Xususan, ushbu holat doimiy takrorlangani bois 2021 yil 16 sentyabr kuni o‘tkazilgan Xalq deputatlari Quyi Chirchiq tuman kengashining “Reglament va deputatlik odobi masalalari” bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi majlisida B.Janikulov qonunga zid ravishda ish olib bormasligi, tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi yana bir bor tushuntirilgan.
Shu bilan birga, agar shu kabi qonunga zid xatti-harakat yana takrorlansa, B.Janikulovning deputatlik vakolatlari qonunda ko‘rsatilgan normalarga muvofiq muddatidan ilgari tugatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Shunday bo‘lsada, B.Janikulov ushbu harakatini yana takrorlagan. Ayni vaqtda mazkur holat tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda. Natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter