Vajohatli bosqinchi qurollarini tashlab qochdi
2022-yil 1-oktyabr kuni soat 02:00 larda Namangan tumani Ko‘rkam ko‘chasida yashovchi 35 yoshli T.M. tuman IIBga ariza bilan murojaat qiladi.
Unda shu kuni soat 02:00 larda noma’lum shaxs uning yashash hovlisiga devor oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, hovlida turgan usta teshadan qurol sifatida foydalangan holda va yuz qismiga qora rangli niqob taqib, u yotgan yotoqxonaga bostirib kirgani, bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, tilla va pul talab qilganini bildiradi.
Biroq hodisa vaqtida u noma’lum shaxsni ovozidan tanib qoladi va qo‘lidagi teshani tortib olib, yuzidagi niqobini qo‘li bilan yechadi. Bosqinchi uni tanib qolganini bilib qochib ketadi.
Voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida, jabrlanuvchining yotoqxonasidan 1 dona sintetik matodan ishlangan qora rangli niqob, 1 dona tesha daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlari natijasida, ushbu bosqinchilik jinoyati Namangan tumani Nodira ko‘chasida yashovchi 24 yoshli A.D. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan A.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter