Vafot etgan onasini yerto‘laga yashirib, pensiyasini olib yurgan firibgar fosh bo‘ldi
Avstriyaning Tirol viloyatida yashovchi kishi onasining mumiyolangan jasadini bir yil yerto‘lada saqlab, uning pensiyasini olib kelgan. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.
Politsiyaning ma’lumot qilishicha, demensiyadan aziyat chekkan 89 yoshli ayol 2020-yil iyun oyida tabiiy sabablarga ko‘ra hayotdan ko‘z yumgan. 66 yoshli o‘g‘li marhumning jasadini uyning yerto‘lasiga yashirib qo‘ygan. Hid chiqmasligi uchun bint va muz xaltalardan foydalangan. Bundan tashqari, tananing ustiga mushuk axlati uchun mo‘ljallangan qorishmani sepib chiqqan.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, onasi vafotidan keyin erkak pensiya sifatida qariyb 50 ming yevroni (630 million so‘m) noqonuniy o‘zlashtirib olgan.
Uning firibgarligi yangi pochtachi pensiyani faqat onaxonning qo‘liga topshirishini aytganidan keyin fosh bo‘ldi. Pensionerning o‘g‘li, tabiiyki, buni rad etgan. Pochtachi voqea haqida politsiyani xabardor qilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari avstriyalikning uyini tintuv qilib, yerto‘lada nafaqaxo‘rning mumiyolangan jasadini topishdi.
Erkak aybiga iqror bo‘ldi. Hibsga olish paytida politsiyaga boshqa daromadlari yo‘qligini, onasining vafot etgani haqida xabar berganida, pensiya to‘lovi to‘xtatilib, dafn marosimiga pul topa olmasligi va birga yashagan uyini sotishga majbur bo‘lishini tushuntirgan.
Gumondor shaxs akasiga onasi shifoxonada davolanayotgani, ahvoli shu darajada yomonligidan uni ko‘rishga borgan taqdirda ham, hech kimni tanimasligini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter