Un narxiga «shapka kiydirgan» MFY raisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
![Un narxiga «shapka kiydirgan» MFY raisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi](https://static.xabaruz.com/crop/3/8/720_460_95_384375030.jpg)
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani «Qora ariq» MFYning raisi S. G‘afforovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qilindi.
Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «v» bandi bilan ochilgan «ish»ning qisqa tafsiloti quyidagicha:
Hozirgi murakkab davrda ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash borasida tashkil etilgan keng ko‘lamli tadbirlarga jalb etilgan MFY raisi bundan foydalanib qolishga urinadi. Ya’ni, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylarga kunlik yetkazib berilayotgan bir qopi 140 ming so‘m bo‘lgan unni aholiga 155 ming so‘mdan sottiradi. Bunda «Bek-Jamshid» oilaviy korxonasi rahbari J. Bo‘riyev bilan «o‘zaro hamkorlik» qiladi. Natijada aholiga qimmat narxda 60 qop un sotilgani aniqlanadi.
Albatta, MFY raisining «un operatsiyasi»dan ko‘rgan foydasi aqlni shoshiradigan darajasida emas. Biroq oqsoqol o‘zi bosh bo‘lib, kambag‘alning nonini tuya qilgani aqlni shoshiradi.
Gap shunda!
Ayni paytda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq shunga o‘xshash hodisa Samarqandda kuzatilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter