Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda feldsher ayol kaltaklandi

Toshkentda feldsher ayol kaltaklandi

Kecha soat 16:27da Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng shifokor B.M. va feldsher ayol J.I. dan tarkib topgan «103» brigadasi chaqiriq manziliga yetib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li asosli sabab bo‘lmasa-da, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo‘l ko‘tarish darajasigacha borgan.

Oqibatda feldsher J.I. ko‘krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya’ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan.

Shundan so‘ng «103» feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya  bo‘limi shok zaliga «Ko‘krak qafasining yopiq jarohati» tashxisi bilan yotqizilgan.

Hozir feldsher J.I. mazkur bo‘limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o‘rta og‘irlikda.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, surishtiruv harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring