Toshkentda bir kechada 2000 dan ortiq bayroq o‘g‘irlandi
Mustaqillik kuni nishonlangan kechasi Toshkent ko‘chalariga o‘rnatilgan 2000 dan ortiq bayroqlar o‘g‘irlandi. Yetkazilgan zarar miqdori 142,6 mln so‘mni tashkil etdi.
Mustaqillik kuni munosabati bilan Toshkent ko‘chalariga 6852 dona O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatildi. Bayram nishonlangan kechasi ularning 2037 tasi o‘g‘irlandi, deya xabar qiladi poytaxt hokimiyati matbuot xizmatiga tayanib «Gazeta.uz».
Jumladan, Bektemir tumanida 71 ta, Mirobodda — 207 ta, Olmazorda — 87 ta, Sergelida — 123 ta, Uchtepada — 76 ta, Yashnobodda — 60 ta, Chilonzorda — 560 ta, Shayxontohurda — 512 ta, Yunusobodda — 112 ta va Yakkasaroyda — 229 ta bayroq olib ketilgan.
Har bir bayroqning narxi 70 ming so‘mni tashkil etadi, deya ma’lum qiladi hokimiyat. Shunday qilib, bir kechada yetkazilgan zarar miqdori 142,6 mln so‘mni tashkil etdi.
1-sentyabr kuni kechasi ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxslarning simyog‘ochlardagi bayroqlarga yechib olayotgani tasvirlangan fotosurat va videolar tarqaldi. Bundan tashqari, o‘nlab avtomobillar tinimsiz shovqin solib, avariyaviy vaziyatni vujudga keltirgan holda shahar bo‘ylab aylanib yurdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter