Toshkent shahar hokimi sovuqdan betalofat chiqish uchun topshiriqlar berdi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev keskin sovuq ob-havoning kirib kelishi munosabati bilan har qanday talofatlarni oldini olish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Unga ko‘ra, 9 yanvardan 18 yanvargacha shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman bo‘limlarida har qanday majlislar (jumladan Zoom shaklida), tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlandi.
Shuningdek, shahar hokimi tomonidan mutasaddilarga bir qancha vazifalar yuklatildi:
— qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini nazoratga olish;
— oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash;
— shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralarini ko‘rish;
— markaziy va ichki yo‘llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish;
— boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalashni ta’minlash;
— elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish;
— tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining issiqlik ta’minotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash, to‘xtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish;
— favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2 kun muddatda jamoat joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qayta ko‘rik-nazorat tadbirlarini o‘tkazilishini ta’minlash;
— aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish;
— navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga olish;
— 2 kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini ko‘zdan kechirib, yetishmovchiliklarni to‘ldirish;
— ko‘chada xizmat qilayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlarini issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan ta’minlash va hokazo.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter