Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikiston qamoqxonasida navbatdagi isyon. Uch nazoratchi va 29 mahbus halok bo‘ldi

Tojikiston qamoqxonasida navbatdagi isyon. Uch nazoratchi va 29 mahbus halok bo‘ldi

Foto: «CA-News»

Kecha, 19-may kuni Dushanbe shahridan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Vaxdat shahridagi qattiq tartibdagi koloniyada yuz bergan isyon oqibatida uch nafar qo‘riqchi va 29 nafar mahbus halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston adliya vaziri o‘rinbosari, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mansurjon Umarov «RIA Novosti»ga ma’lum qilgan.

«Isyon davomida koloniyaning uch nafar nazoratchisi va 29 nafar mahbus halok bo‘ldi. Ularning sakkiz nafari mahbuslarning o‘zi tomonidan o‘ldirilgan», — degan u.

Tojikiston Adliya vazirligi xabar berishicha, 19-may kuni soat 20:30da Jinoiy jazolarni ijro etish bosh boshqarmasiga qarashli, Vaxdat shahridagi 3/2-sonli axloq tuzatish koloniyasida 30 nafar o‘ta xavfli mahbus pichoq va tig‘li buyumlar bilan qurollanib, koloniyaning 3 nafar xodimini garovga olishgan va ularni o‘ldirishgan. So‘ngi ular qamoqxonadan qochishga urinishgan.

Ushbu koloniya Tojikiston Adliya vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufiga kiradi, unda qariyb 1500 mahbus saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning noyabrida Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahrida joylashgan 3-sonli qattiq tartibdagi axloq-tuzatish koloniyasida ko‘tarilgan isyon oqibatida 21 mahbus va ikki nozir halok bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring