Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tinchlik ham janggoh. Uni asrashga jangchilardek jasorat kerak!» – 98 yoshli Ikkinchi  jahon urushi faxriysi

«Tinchlik ham janggoh. Uni asrashga jangchilardek jasorat kerak!» – 98 yoshli Ikkinchi  jahon urushi faxriysi

Boshida ro‘molini peshonaband o‘rab, belidagi oshxona fartugini yechasolib, darvozaga shosha-pisha otilgan o‘rta yoshlardagi ayol bizga peshvoz chiqdi.

«O‘rgilayjonlar, otamni ovqatlantirayotgandim, sal halladim. Xush kelibsizlar!», – dedi haligi ayol xijolatomuz mehnatdan qabargan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yar ekan.

«Qizlarisiz, shekilli, otaxonni?!» – so‘raymiz.

«Kelinlariman», – deya bizni ichkariga chorlagan ayolning «otamni ovqatlantirayapman», – degani bejizga emas ekan.

52 yoshli Mastura To‘xtayeva to‘rt yildirki, to‘shakka mixlangan «urush qahramoni» bo‘lgan qaynotasiga qizdek mehribon.

«Otajonim Ikkinchi jahon urushining Peshku tumanida hayot bo‘lgan yagona vakili. 98 yoshdalar. Urush paytlarida oyoqlaridan olgan og‘ir jarohatlari tufayli oxirgi yillarda yurolmay qoldilar. Ikki oyoq, ikki qo‘llari bo‘lib yuribmiz. Umrlari uzoq bo‘lsin. Allohga shukur, otam yaxshigina suhbatdosh, xotiralari yaxshi», – deydi opaxon kulib.

Peshko‘ tumanining «Talisobun» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Talisobun qishlog‘ida yashovchi Nazar ota Sherov 1925 yilda tug‘ilgan.

Otaxon suhbat avvalini:

«Bir pas «urush»ni qo‘yatur, bolam. Biz-ku, janggohda «qahramon»lik qildik. Hovlim ichidagi shu qizim ham chinakam qahramon. Mani desang, shuniyam qog‘ozingda ko‘rsat», – deya keliniga ishora qilib boshladi.

Otaxonning so‘ziga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘i Norjon Saidova bilan 9 qiz, 1 o‘g‘il farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazgan. O‘n farzand ham oilali, uyli-joyli bo‘lib ketishgan.

«To‘qqiz emas, o‘n qizim bor, bolam. Mastura kelinim mani qahramon qizim (kulib). Rahmatli qaynonasi 8 yil to‘shakda mixlanib qoldi-da, tushmagur. Kelin-qizim oq yuvib, oq taradi. Boshqa kelinlarga o‘xshab, bir marta ham «ee» demagan. 8 yil yostiqdan bosh ololmagan qaynonasining tag-teviga qaradi-da, joni sog‘ bo‘lgur. 2016 yilda kampirimni tuproqqa topshirdik. Haytovur, oradan ko‘p o‘tmay, o‘zim ham... oyog‘im pand berdi, yurolmay qoldim.  Qo‘l-oyog‘im shu kelinim bo‘ldi. Bolalarini huzurini ko‘rsin. Mani qahramon kelinimniyam yoz», – deya qayta-qayta kulimsirab ta’kidlagan bo‘ldi otaxon.

Nazar ota ko‘zlarini xiyol uzoqlarga qadab, chuqur xo‘rsiniq bilan hikoyasini boshladi:

«1943 yilda,18 yoshimda urushga safarbar qilindim. O‘shanda maktabning bitiruvchisi edim. «Voyenkom» bo‘y-bastimga qarab: «Oldingi saflarda bo‘l. Bu armiya - urush o‘chog‘i, bu shunchaki qo‘lingga avtomat olib, «otaman», «o‘ldiraman», degani emas, o‘zingni ham, safdoshlaringni ham janggohlarda himoya qilish ham degani» dedi. Bir guruh yigitlar Kogon temir yo‘l vokzali orqali armiyaga jo‘nab ketdik. Ortimizda uvvos solgan onalar, duogo‘y otalar, so‘zsiz yig‘lab kuzatayotgan sevgan qizlar qoldi. 1945 yil aprel oyiga qadar Ukraina frontida bo‘ldim. Aynan shu vaqtda jang maydonida o‘ng oyog‘imdan yaralandim. Biroq to‘xtash yoki ortga qaytish yo‘q. Ikki yil davomida hal qo‘liga avtomat ushlab ko‘rmagan yigitlar jasur jangchilarga aylanib, urush maydonlarida «pishib», ko‘zlarimiz qotib ketdi.  Bir muddat davolanib, yana frontga qaytdim  Ukraina, Polsha davlatlarini ozod etish janglarida qatnashdim. Urush o‘chog‘idagi engg dahshatli tan oluv nima bilasanmi, bolam, bu – sening o‘limdan qo‘rqmay qolishing, daydi o‘q qarshiligiga tayyor turishing!» – ovozi qaltirab chiqdi Nazar otaning.

1945 yilning sovuq qishida bir guruh jangchilar Rossiyaning Penza viloyatiga jo‘natilgan. Ular orasida Nazar Sherov ham bo‘lgan. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan batalonning birinchi vazifasi dushman tasarrufiga o‘tgan Zaparojets shahrini qo‘lga kiritish bo‘lgan. Ushbu vazifani bajarish chog‘ida suhbatdoshimiz ikkinchi bor yaralangan

«20 kun davomida oyoqqa turib, safdoshlari bilan bir qatorda Ukraina, Kiyev, Polsha, Varshava hududlarini dushmandan ozod etishda ishtirok etgan.

Shu kuchda ortga chekinmay, Germaniyaning Berlin shahrigacha bordik. Uchinchi bor daydi o‘q yana o‘ng oyog‘imni zabt etdi. 1945 yil may oyida erishilgan g‘alabani qo‘ltiqtayoqda qarshiladim. Kim ko‘zidan, kim qo‘lidan, kim oyog‘idan ajralgan. Jarohat og‘riqlari jonimizni zirqirratsa-da, g‘alaba quvonchidan sakraganmiz», – xuddi yana g‘alaba kuniga qaytgandek qo‘llarini tikka ko‘tarib, baland tovushda go‘yo o‘rnidan sakrab turishga chog‘lanadi otaxon.

«Urush tugagach, jang maydonidan tirik qolganlar yurt-yurtlariga qaytarildi. Biroq, men xizmat qilgan batalon yana 4 yil davomida Germaniya davlatida xizmatga ushlandik. 1949 yilning may oyida bir qancha imtiyozli tavsiyanomalar va unvonlar bilan Olmon harbiy xizmatidan Ona qishlog‘imga qaytdim. Yetti yillik ayriliqdan keyin birinchi ro‘baro‘ kelganim akam bo‘ldi. Endi sog‘inch, ko‘z yosh, o‘kirik yig‘ilar, dod-faryodlar... jigarlarini yo‘qotgan, farzandlari bedarak ketgan hamqishloqlarimning man bilan bag‘irlashib yig‘lashlari... qirg‘inbarot urush nomiga qayta-qayta la’nat bo‘lib yog‘ilardi. Ax-xx, urush ko‘rmanglar-ay, bolalarim-ayy...», – deydi otaxon yelkalari silkinib-silkinib yig‘lab.

Urushdan qaytgan Nazar Sherov, o‘z qishlog‘idagi maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlagan.

«Muallimlik qildim. Turmush o‘rtog‘im bilan to‘qqiz qiz, bir o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Adashmasam, ikki yuzdan ziyod nevara, evara, chevaralarim bor-ov, umrlari uzoq bo‘lsin. Birvarakayiga kelishsa, Allohga shukur, hovlimizda to‘y bo‘ladi. Gohida kelinu qizlarim bolalarga: «Qiy-quvlashmalaring, otamizni bezovta qilmalaring» deb qolishsa, ko‘nglim og‘riydi-da. Yo‘q, tinchlik zamonda bolalarim qancha qiy-chuv qilib, to‘polon qilishsa, yayrashsa, bahra olaman», – deydi suhbatdosh.

Ayni suhbat chog‘ida Peshko‘ tumani hokimi Vahob Qahhorov ham urush qatnashchisini yo‘qlab keldi. Otaxon chehrasi birdan yorishib:

«Ha, o‘g‘lim, yana ovqatlantirib qo‘ygani keldingmi?» – dedi tuman hokimiga hazilomuz.

«Bu dunyoda tinchlikka yetari yo‘q. Senlar uchun ham shu tinchlikning o‘zi bir janggoh. Uni asrash uchun ham jangchilardek jasorat kerak. Qancha harakat qilib, asrab-avaylasanglar, tinchlik yanayam bardavom bo‘ladi. Elu-yurtga xizmatni xuddi jangchilardek ado etsalaring, odamlar ham sizlardan shuncha rozi bo‘ladi», – deydi Nazar ota.

Barvasta qaddi cho‘kkan, soch-soqoli oqargan, qo‘llari xiyol qaltiragan, ammo ovozi jo‘shqin sobiq jangchining ko‘zlariga boqamiz: urush asorati, okoplarda qolgan safdoshlarining og‘riqli xotiri, snaryadu bombalarning quloqni qomatga keltiruvchi yoqimsiz gumbirlashi sadolari nigohlarini tark etmagandek. «Tinchlikni asrang, uni qadrlang!», – deydi u takror.

Ma’lum o‘rnida, hozirda Buxoro viloyatida Ikkinchi jahon urushida qatnashchilar soni jami 7 nafarni tashkil qiladi.

Laylo Hayitova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring