Tailandga ishga yuborishini aytib «uxlatgan» shaxs qo‘lga olindi
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, buxorolik fuqaroni Tailandga noqonuniy yo‘l bilan jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan.
Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrida yashovchi O.R. chet davlatlardan daromadli ish topib berish bilan fuqarolarni qiziqtirib, aldov yo‘li bilan ulardan yirik miqdorda pul undirib kelgan.
Shundaylardan biri Kogon tumanilik G.R. xorijiy mamlakatlarga borib, mo‘may daromad topishni orzu qilib yurganda O.R. ga duch kelgan. O.R. uning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanib, uni noqonuniy yo‘l bilan Tailand davlatiga ishga yuborish uchun hujjatlar tayyorlashini bildirgan. Bundan tashqari, G.R.ga vakolatli tanishlari orqali viza olib berish hamda Tailandda uni enaga vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yishni ham va’da bergan. Va buning evaziga G.R.dan 6000 AQSh dollari berishni talab qilgan.
Viloyat huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O.R. Buxoro shahrida joylashgan RShTYoIM Buxoro filiali ro‘parasida talab qilingan pullarni olgan vaqtida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv jarayonlarida o‘zi uchun noqonuniy yo‘llarni tanlab, xorijga ishga jo‘namoqchi bo‘lgan bir nechta boshqa fuqarolar ham O.R.ning qurboniga aylangani oshkor bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter