Surxondaryoda ham bog‘cha tarbiyalanuvchisi baxtsiz hodisada vafot etdi
6-oktyabr, payshanba kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2018-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi I.J. vafot etdi.
MTVning bergan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, tarbiyalanuvchi I.J. bog‘cha hududidagi bolalar o‘yin maydonidagi temir aylanada o‘ynagan va ehtiyotsizlik natijasida hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan. Hozirgi vaqtda o‘limning aniq sababi va vaqti aniqlanmoqda.
Ayni paytda ish prokuraturaga o‘tkazilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ehtiyotsizlik oqibatida voqea sodir bo‘lgan vaqtdagi mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llanilishi bildirilgan.
Ayni paytda mazkur hodisa tufayli 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimidan ozod etilib, viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi o‘yin maydonchalarida joylashgan xavfli temir konstruksiyalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni demontaj qilish, shuningdek, idoraviy qurilish me’yorlari va talablariga muvofiqlashtirish topshirig‘i berilgan.
Xabar.uz jamoasi marhum bolaning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida ham bog‘cha tarbiyalanuvchisi qarovsiz qoldirilgani oqibatida poyezd yo‘liga borib qolgan va poyezd urib ketishi oqibatida vafot etgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter