Prokuratura Surxondaryoda topilgan jasad yuzasidan ma’lumot berdi
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi kanaldan 27 yoshli fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Oltinsoy tuman IIB navbatchilik qismining joriy yilning 10 avgustidagi xabariga ko‘ra, soat 08:00larda tuman hududidan oqib o‘tuvchi «Hazarbog‘» kanali irmog‘idan Sariosiyo tumanida yashagan 1995 yilda tug‘ilgan A.I.ning jasadi topilgan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Oltinsoy tuman punktining joriy yil 7 sentyabrdagi 22-sonli xulosasida ko‘rsatilgan ichki tekshiruv natijalarida marhumning ichki a’zolaridagi o‘zgarishlar nafas yetishmovchiligi natijasida vafot etgani haqidagi ma’lumotlar keltirilgan bo‘lsada, ekspert xulosasining bayonot qismi bilan xulosa qismida nomutanosib holati kuzatilgani sababli marhumning jasadi sud ajrimi asosida 9 sentyabr kuni eksgumatsiya qilinib, komission sud-tibbiyot ekspertizadan o‘tkazilgan.
12 sentyabrdagi 426-sonli va 14 oktyabrdagi 84-qo‘shimcha komission sud-tibbiyot ekspertiza xulosalarida, A.I.ning o‘limi yuqori nafas yo‘llari burun, og‘iz bo‘shlig‘ining suyuqlik bilan (suv) berkitilishidan vujudga kelgan mexanik asfiksiya natijasida kelib chiqqani, badanida aniqlangan shilinmalar va jarohatlar xususiyati bo‘yicha uning o‘limidan so‘ng kanal bo‘ylab oqishi jarayonida notekis chegaralangan yuzaki jismlarga urilishi natijasida yuzaga kelgani, uning badanida qarshilik ko‘rsatish, urish, tepish, janjallashish oqibatida kelib chiqqan tan jarohatlari aniqlanmagani, birlamchi xulosada o‘lim sababi cho‘kishning nafas yo‘llarini burun, og‘iz bo‘shlig‘ining suyuqlik (suv) bilan bekilishi natijasidagi spastik (nafas boylamalarining bekilib qolishi)dan vujudga kelgan mexanik asfiksiya sabab yuzaga kelgani inobatga olinmagani sababli tafovvut kelib chiqqani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, A.I.ning o‘limi holati yuzasidan dastlabki ekspertiza tekshiruvi yuzasidan xulosa berishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun sud-tibbiy ekspert O‘.Bo‘tayarovga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, marhumning o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter