SSV shifoxona xodimlari janjali bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanidagi Chelak shifoxonasida bosh shifokorning o‘g‘li va kelini hamshiralarni kaltaklagani aytilgan videolavha tarqalgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yil 2-fevral kuni soat taxminan 15:30 larda Samarqand viloyati Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Chelak 1-son shifoxonasining o‘rta tibbiyot xodimlari – A.N. va B.Sh. o‘rtasida o‘zaro davom etib kelayotgan oilaviy kelishmovchilik sabab janjal yuzaga kelgan.
Buning natijasida hamshira B.Sh. va uning onasi, kichik tibbiy xodim M.D. jiddiy tan jarohati olgan. Shundan so‘ng jabrlangan har ikki bemorga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shu kuni mazkur shifoxonaning shoshilinch jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan.
Tekshiruvlar natijasida hamshira B.Sh.ga «Burun suyagi yopiq sinishi, burun usti sohasi urilib, kesilgan jarohati. Bosh miya chayqalishi», kichik tibbiy xodim M.D.ga esa «Burun usti, chap yonoq sohasi, chap ko‘z ichki burchagi urilib, kesilgan jarohati. Bosh miya chayqalishi» tashxisi qo‘yilgan.
Bemorlarga belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalar ko‘rsatilgach, joriy yil 11-fevral kuni qoniqarli ahvolda uyiga ruxsat berilgan.
Ayni paytda o‘z hamkasblariga tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan fuqaro A.N.ga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
«O‘z navbatida, vazirlik tomonidan ushbu voqea bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunida bunday salbiy holatning yuzaga kelishiga e’tiborsiz bo‘lgan hamda muassasa xodimlari o‘rtasida kasb etikasi va majburiyatlariga rioya etish yuzasidan yetarlicha tushuntirish olib bormagan bir qator mas’ullarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli jazo choralari qo‘llanildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter