Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shvetsiyada minglab bolalar yo‘qoldi

Shvetsiyada minglab bolalar yo‘qoldi

Foto: TT News Agency / Reuters

So‘nggi to‘rt yil davomida Shvetsiyada deyarli 4500 nafar muhojir bola yo‘qolgan. «Lenta.ru» nashrining xabar berishicha, ular boshpana so‘roviga javoban deportatsiya haqida xabarnoma olganidan keyin yo‘qolmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozir hukumat 4492 nafar bolaning qayerdaligini bilmaydi. Bu raqam mamlakatga mustaqil ravishda va ota-onasi bilan kelganlarni ham o‘z ichiga oladi. Shvetsiya migratsiya agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2018 yilning dastlabki ikki oyida 223 ta bola yo‘qolgan. 2017-yilning shu davrida ancha kam – 152 ta bola yo‘qolgan edi.

Hozir Shvetsiyada bunday holatlarga taalluqli hech qanday qonun yo‘q, shuning uchun nima qilish kerakligi ma’lum emas. «The Local»ning ma’lum qilishicha, 2017-yil oxirida mahalliy ombudsman bunday holatlar bo‘yicha bir qator takliflarni o‘z ichiga olgan ma’ruzasini e’lon qilgan edi. Xususan, u yo‘qolganlarni qidirish va, birinchi navbatda, yo‘qolib qolishning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Biroq mazkur takliflarning birortasi ham ko‘rib chiqilmagan va amalga oshirilmagan.

2015-yilda Yevropa ittifoqida Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan eng jiddiy migratsion inqiroz yuzaga keldi. Qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlaridan kelgan milliondan ortiq muhojir Yevropadan qo‘nim topdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring