Samarqandda mahbusning uch qovurg‘asi sindirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «ichki ishlar xodimlari kaltaklaganmi yoki «mototsikldan yiqilgan»mi» mazmunidagi xabarga Ombudsman rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yilning 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi Matbuot guruhining facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «ichki ishlar xodimlari kaltaklaganmi yoki «mototsikldan yiqilgan»mi» sarlavhali xabar keng tarqaldi.
Unda mahbus A.E.ga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani oqibatida gumonlanuvchining uchta qovurg‘asi singani va tana qismida jarohat izlari mavjudligi aytilgan.
Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida, Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov 23 oktyabr kunining o‘zida Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasiga borib, mahbus A.E. bilan holi tarzda uchrashdi.
«Suhbat davomida mahbus A.E. xabarda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlab, unga nisbatan tan jarohati yetkazilganligini ma’lum qildi va tegishli xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab Ombudsman nomiga murojaat qildi.
O‘rganish davomida mahbusning tibbiy holatiga oid ma’lumotlar ham olindi», deyiladi Ombudsman xabarida.
Qayd etilishicha, mahbus A.E.ning murojaati va yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini bo‘yicha Ombudsman nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter