Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandlik ayol erining 400 milliondan ziyod pulini 1XBETga tikib yubordi

Samarqandlik ayol erining 400 milliondan ziyod pulini 1XBETga tikib yubordi

Illyustrativ foto

Keyingi vaqtlarda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga pul tikish ortidan huquqbuzarlik sodir etish holatlari ancha ko‘paygan.

Internet tarmog‘ida ayol turmush o‘rtog‘ining 400 milliondan ortiq pul mablag‘larini 1XBet totalizator o‘yini orqali yutqazib qo‘ygani haqida xabar berildi.

Ta’kidlanishicha, erkak IIBga plastik kartasidagi 400 million so‘mdan ortiq pul yo‘qolganini aytib, murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilganda, fuqaroning xotini ushbu pul mablag‘ini internetdagi tavakkalchilikka asoslangan 1XBET o‘yinida yutqazib qo‘ygani aniqlangan. Xabarda ayol pullarni yutqazib qo‘ygani haqida eriga aytmagani ma’lum qilingan.

Yaqindagina 18 yoshli o‘spirin aynan qimorda yutqazib qo‘yishi sabab o‘z uyning yordamchi xo‘jalik xonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgani haqida xabar qilingandi. 

Mana ko‘p vaqt o‘tmasdan shunga o‘xshash yana bir holat haqida ayon bo‘lmoqda.

Aslida bu kabi o‘yinlar yengil pul topishni odat qilgan insonlarni o‘ziga tez jalb qilibgina qolmasdan, zanjirsiz asirga ham aylantirib oladi. Sportga qiziquvchi yoshlar orasiga tushib qolsangiz, o‘yinlarga pul tikib yutganligi yoki yutqizganligi haqida ko‘p va xo‘p eshitasiz.

Hali bu bizga ma’lum bo‘lgan hodisalar, xolos. Internet foydalanuvchilari o‘rtasida bu kabi o‘yinlarni mamlakatimiz hududida cheklash uchun qat’iy choralar ko‘rishni so‘rab qilingan murojaatlar kunda-kunora bo‘lib turibdi.

«Ukamning universitetdagi kursdoshi bilan gaplashib qoldim.

Ota-onasining plastik kartalarini telefoniga ulab olgan ekan. Ularning oylik maoshidan 12 700 000 so‘mni qimorga tikib yuboribdi. Hammasini yutqazibdi. O‘zi taksichilik qilarkan. Topgan pulini ham shu lanati qimorga tikarkan.

Endi nima qilasan deb so‘rasam, «mashinamni garovga qo‘yib kredit olmoqchiman — 50 mln so‘m. 1,5 koeffitsiyentga tikib, bitta «aylantirib» olsam 75 mln bo‘ladi. Kreditniyam, uydagilarni puliniyam to‘layman. Foyda ham ko‘raman» dedi», — yozadi internet foydalanuvchilaridan biri.

Uning yozishicha bolaning pullarni qimorga tikib yuborganligini ota-onasi bilmas ekan hatto. Xo‘sh, o‘zi niyat qilganidek mashinasini garovga qo‘yib kredit oldi ham deylik, u pulni ham yutqazib qo‘ysa-chi?! Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi o‘sha endigina 18 yoshga to‘lgan yigitning taqdiri qaytarilmasligiga kim kafolat beradi?

Yana bir internet foydalanuvchisi bu kabi o‘yinda 40 ming dollarni yutqazib qo‘yganligini, natijada esa uyini sotib qarzini to‘laganligini yozmoqda. Agar vaqtida bu kabi o‘yinlarga cheklov o‘rnatib, oldi olinmas ekan, jinoyatlar, o‘z joniga qasd qiluvchilar soni ortsa ortadiki, kamayib qolmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring