Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi dahshatli hodisa qanday yuz berganini so‘zlab berdi

Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi dahshatli hodisa qanday yuz berganini so‘zlab berdi

18-dekabr kuni soat taxminan 10:00 atrofida Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida yer o‘pirilishi oqibatida avariya sodir bo‘ldi.

«Repost» ushbu ob’yektda to‘rt kundan buyon ishlayotgan ishchilardan biri bilan suhbatlashdi. Ishchining iltimosiga binoan uning ismi o‘zgartirildi.

Aziz (ism o‘zgartirilgan) viloyatdan kelgan. Quyida uning hodisa qanday yuz bergani haqidagi hikoyasi keltiriladi:

«Ob’yektda bugun to‘rtinchi kun ishlashim. Metro besh oydan beri qurilmoqda. Ishchilar bir necha smenada ishlamoqda. Men o‘z viloyatimdagi qurilish kompaniyasida bir yildan ortiqroq muddatda ishlab kelyapman. Aynan shu kompaniya meni metro qurilishiga yuborgan edi. Bu yerga ishga kelgan birinchi kunimdayoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman. Metro qurilishiga jalb etilgan quruvchilarning bachasi Jomiy aylanmasida joylashgan plastkart vagonlarda yashaydi. Bitta vagonda 50 nafardan ko‘proq odam joylashgan. Birinchi kundanoq bizning boshlig‘imiz bir necha xodimni dam olgani va chekkani uchun ishdan haydadi. Yashash sharoitlari va bu yerdagi muhitni ko‘rib o‘sha kuniyoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman.

15 kun ishlaymiz, 3—4 kun dam olamiz, keyin yana ishga chiqish kerak bo‘ladi. Oylik 35 soat uchun to‘lanadi. Qo‘limizga 1,5 million so‘mga yaqin pul olamiz. Nonushtaga ikkita qaynatilgan tuxum, bir nechta bo‘lak non va choy berishadi. Tushlikka osh va non, kechki ovqatga makaron va guruch. Men kechki ovqatni yemayman, do‘kondan u-bu narsa olib yeyman. Har kuni soat 6:00 da “podyom”. Soat yettida biz ob’yektga borib, tungi smena ishchilari bilan o‘rin almashamiz. Boshliqlar qanday topshiriq bersa, hammasini bajaramiz. Bir kunda 10—11 soatlab ishlaymiz. Ishimiz og‘ir.

Bugun soat 10:20 da fojia yuz berdi. Men o‘sha vaqt yaqin joyda turgandim.

DSP, armaturalarning qarsillagan ovozi eshitildi, og‘ir narsa qulagandek bo‘ldi. Odamlarning baqirganini eshitdim, lekin kim baqirganini tushunmadim. Hamma metro o‘pirilgan joyga yugurdi.

U yerda soyabon bor edi. Kuchli yomg‘irdan suv to‘planib, devorlar ikki tomondan suv bilan yuvilardi. Pastda esa beton quyish uchun mo‘ljallangan DSPlarni ushlab turgan taxtalar bor edi. DSP ustida esa armatura to‘ri. Odamlar yuqorida ishlayotgan edi, ayrimlar pastdagi soyabon ostida yomg‘irdan pana qilib turgan edi. DSP, armatura to‘rlari, beton va tuproq odamlar ustiga qulab ketdi. Kabellar uzilib, qurilish materiallarining qarsillagan ovozi eshitildi. Qo‘rqib ketdik. Hammamiz haligacha shokdamiz».

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qidiruv va qutqaruv ishlari natijasida tuproq ostidan shu vaqtga qadar to‘rt kishining jasadi olib chiqildi va ularning shaxsi aniqlandi. Qidiruv ishlar davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring