Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘lda sodir bo‘lgan mudhish avariyada bir o‘quvchi halok bo‘ldi. Ikkinchisi kasalxonada davolanmoqda

Qorako‘lda sodir bo‘lgan mudhish avariyada bir o‘quvchi halok bo‘ldi. Ikkinchisi kasalxonada davolanmoqda

Qorako‘l tumanida sodir bo‘lgan mudhish avariya oqibatida bir nafar o‘quvchi qiz vafot etdi. Qorako‘l tuman IIB mas’ul xodimining «Xabar.uz»ga bildirishicha, ikkinchi o‘quvchi tan jarohati bilan tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. 

Holatga ko‘ra, joriy yilning 2 oktyabr kuni tonggi soat 05:50 larda Qorako‘l tumanining Tojikent mahallasi hududidan o‘tuvchi qatnov yo‘lida avtoavariya sodir bo‘lgan. Bunda tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchi qizlari repetitorga ketayotib, yo‘lning piyodalar o‘tish joyini kesib o‘tishayotganda, mudhish to‘qnashuvga duch kelishgan.

«Yo‘l transporti hodisasi oqibatida o‘quvchi qizlardan biri voqea sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Ikkinchi o‘quvchi esa tan jarohati bilan tuman markaziy kasalxonasiga olib ketilgan. Ayni paytda davolanayotgan qizga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda va shifokorlarning nazoratida», — deydi ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan sudga oid ekspertiza ishlari tayinlangan. Yo‘l transport hodisasini sodir etgan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasining (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ayni paytda qamoqqa olingan.  Aytib o‘tish joizki, ushbu jinoyat kodeksi bilan ayblangan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring