«Qizilqumsement»ning 116 nafar xodimi ovqatdan zaharlandi
«Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyati xodimlarining 116 nafari ovqatdan zaharlanish bo‘yicha Navoiy viloyatidagi davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan tekshiruv nazoratiga olindi. Bu haqda DSENM bosh vrachi o‘rinbosari Shokir Po‘latov ma’lum qildi.
«Turon24» xabar berishicha, joriy yilning 7-dekabr kuni zavodda tungi navbatchilikda ishlagan xodimlarning bir nechtasida qusish, ich ketishi va isitma ko‘tarilishi holatlari kuzatilgan. Vaziyat o‘rganilganda, ularning barchasi navbatchilik kuni soat 23:00 da tashkilot oshxonasida ovqatlangani va noxush holatlar shundan so‘ng sodir bo‘lgani aniqlangan.
O‘sha kuni 195 nafar ishchi-xodim tungi navbatchilikda ishlagan, shulardan 116 nafari oshxonada ovqatlangan.
Ismini oshkor etishni istamagan zavod xodimlaridan biri u ham ovqatdan zaharlanganini, qolganlarga nisbatan o‘zini tetikroq his qilgani uchun muolajani uyida davom ettirayotganini aytdi. Kechki tamaddi uchun bir necha xil taom tayyorlangani bois, zaharlanish aynan qaysi ovqatdan yuz berganini hech kim bilmayapti. Ammo qusish, ich ketishi va isitma ko‘tarilishi holatlari asosan o‘sha kuni qayla iste’mol qilganlarda kuzatilgan. Uning aytishicha, qariyb 70 kishi ovqatdan zaharlanib, ularning bir nechtasi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, ayrimlari esa «Qizilqumsement» AJ sihatgohida davolanmoqda.
«Hozir ovqatdan zaharlangan xodimlar sonini aniq aytib bo‘lmaydi. Chunki o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ammo shu kunga qadar shahar hududida yashovchi zavod ishchilaridan beshtasi ovqatdan zaharlangan, degan gumon bilan ro‘yxatga olingan», – deydi markaz bosh vrachi o‘rinbosari Shokir Po‘latov.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrach o‘rinbosari Dehqon Boymurodovning aytishicha, 8 dekabr kuni erta tongda 4 nafar, keyinroq yana 6 nafar zavod ishchisi qusish, ich ketishi va isitma ko‘tarilishi kabi shikoyat bilan kelgan. Ularning oshqozon-ichak tizimida buzilish kuzatilgan. Biroq shifokor bemorlarning ovqatdan zaharlangani to‘g‘risida aniq ma’lumot bermadi.
Davlat sanitariya epidemiologiya markazi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, zavodda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti bilan shug‘ullanadigan sexning faoliyati 12 kungacha to‘xtatib qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter