Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada jasadi topilgan yigit va qiz haqida prokuratura qo‘shimcha ma’lumot berdi

Farg‘onada jasadi topilgan yigit va qiz haqida prokuratura qo‘shimcha ma’lumot berdi

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda 2021-yilning 29-dekabr kuni Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti (KIUF) ikki nafar talabasining (yigit va qiz) birgalikda osilgan jasadlari o‘quv dargohi yaqinidagi dala maydonidan topilgani, biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur hodisaga yetarlicha e’tibor qaratmagani haqida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz» so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qayd etilgan oliygohning ikki nafar talabasi Farg‘ona shahrida joylashgan MFY hududidagi fermer xo‘jaligi yer maydonidagi tut daraxtiga arqondan sirtmoq yasab, o‘z jonlariga qasd qilishgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi ko‘ra, har ikki talaba o‘limiga «bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya» sabab bo‘lgan. Holat yuzasidan bir emas, ikki bor tergovga qadar tekishirish o‘tkazilgan.

Dastlab, Farg‘ona shahar prokuraturasi katta tergovchisi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish yakuni bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Mazkur qaror Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshirish o‘tkazish va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish Farg‘ona shahar prokuraturasiga yuklatiladi.

Takroriy tekshirish jarayonida ish holati va barcha tusmollar (versiyalar) bo‘yicha batafsil o‘rganilgan, shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan vaqtga qadar davrni xronologik tezkor yo‘llar bilan tiklash maqsadida marhum va marhumaning harakat yo‘nalishlarini aniqlash uchun jamoat joylardagi videokuzatuv kameralari birma-bir o‘rganilgan. Natija shuki, bir-biriga ko‘ngil qo‘ygani aytilgan talabalar jinoyat qurboni bo‘lganiga oid vajlar tasdiqlanmagan, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ikkinchi bor o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish natijalariga ko‘ra qabul qilingan (jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror) yana bir bor viloyat prokuraturasida o‘rganilgan va uni bekor qilish uchun asoslar topilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring