Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda kamyob hodisa: haydovchi porani yutib yubordi

Navoiyda kamyob hodisa: haydovchi porani yutib yubordi

Navoiy shahrida xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchi YPX xodimiga 100 dollar pora taklif qilgan va bu «hunari» ish bermagach, qo‘lga tushmaslik uchun pulni yutib yuborgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, Navoiy shahrida joylashgan «Qarnab» kuzatuv blok postida 1-smenada xizmat olib borish uchun jalb etilgan YPX inspektori «Neksiya-1» mashinasi haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan kelayotgani sababli to‘xtatgan.

Haydovchining hujjatlari tekshirilganda uning davlat raqami belgisini o‘zgartirgani ham aniqlangan. YPX xodimi tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirib, mashinani jarima maydoniga olib borgan. Ammo fuqaro YPX inspektoriga mashinasini qaytarishi evaziga 1 mln so‘m pul berishini aytgan.

Aytilishicha, YPX inspektori bu taklifni rad etgan. Ertasi kuni haydovchi YPX inspektori bilan uchrashib, 100 dollarni uzatgan. Holatni o‘rganish uchun kelgan tadbir ishtirokchilari – IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlarini payqagach, haydovchi pulni yutib yuborgan.

Biroq tibbiyot xodimlari unda endoskopik tekshiruv o‘tkazib, oshqozonidagi 100 dollarni chiqarib olishgan. Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring