Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muzlab qolgan bolaning oilasi «qotillik» uchun tovon puli talab qilmoqda

Muzlab qolgan bolaning oilasi «qotillik» uchun tovon puli talab qilmoqda

Foto: «Sott.net»

AQShning Texas shtatida sovuqdan vafot etgan 11 yoshli bolaning oilasi Entergy Corporation energetika kompaniyasining mahalliy filiali hamda davlat energetika ta’minotini sudga berib, 100 million dollar talab qilmoqda. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Kristian Pavon Pinedaning oilasi Texas elektr jihozlarining ishonchliligi muammolari bo‘yicha kengash (ERCOT) hamda mahalliy Entergy energetika kompaniyasiga qarshi da’vo qo‘zg‘adi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bola seshanba kuni sovuq tufayli vafot etgan. Chunki uy elektr va isitish tizimidan uzib qo‘yilgan. Bola o‘limining rasmiy sababi hali aniqlanmagan.

Marhumning oilasi energiya ta’minoti va Entergydan «qotillik» uchun tovon puli talab qilmoqda.

«ERCOT va Entergy dahshatli ob-havo haqida bir hafta oldin xabar topgan bo‘lsa ham, tizim o‘n yildan ortiq vaqt davomida bunday yuklamani boshdan kechirmaganligini bilsa ham, inqirozning oldini olish uchun hech qanday profilaktika choralarini ko‘rmagan, ustiga-ustak, yuzaga kelgan muammoga mutlaqo tayyor bo‘lmagan», — deyiladi da’vo arizasida.

Bundan tashqari, oilaning ta’kidlashicha, ERCOT bir necha kunga elektr ta’minotining uzilishi to‘g‘risida Texas aholisini ogohlantirmagan. Natijada ko‘pchilik elektr energiyasi uzilishiga tayyorgarlik ko‘rishga yoki vaqtida uylarini tark etishga ulgurmagan.

Energetika kompaniyasi hamdardlik bildirdi, deya xabar berdi ABC13 telekanali. Kengash «o‘tgan hafta jabr ko‘rgan va qiynalayotgan Texasning barcha aholisi bilan birga ekanligini ta’kidladi. Shunga qaramay, ERCOT elektr energiyasining favqulodda o‘chirilishi 15-fevral kuni Texasda qor bo‘roni tufayli havo harorati noldan pastga tushib ketishi bilan bog‘liqligini izohlamoqda. ERCOTning ta’kidlashicha, butun shtat bo‘ylab elektr uzilishlarining oldini olish maqsadida shunday qaror qabul qilingan.

Qor bo‘roni va boshqa ob-havo hodisalari Texasda elektr energiyasi va suvning uzilishlariga, shuningdek, shtatning millionlab aholisi uchun oziq-ovqat navbatlariga, benzin narxlarining ko‘tarilishiga va boshqa ko‘plab noqulayliklarga olib keldi. Texasning o‘nlab aholisi halok bo‘ldi va to‘rt milliondan ortiq odam elektrsiz qoldi.

AQSh prezidenti Jo Bayden shtatga yordam tariqasida eng zarur buyumlar, jumladan, oziq-ovqat, suv, 60 ta generator va adyol yubordi. Prezident, shuningdek, bir nechta shtatlarda, jumladan, Texasda favqulodda holat e’lon qilishga ruxsat berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring