Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab o‘quvchilari o‘g‘rilikka qo‘l urdi

Maktab o‘quvchilari o‘g‘rilikka qo‘l urdi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, Peshku tumanida yashovchi ikki nafar 16 yoshli maktab o‘quvchisi o‘g‘rilikka qo‘l urdi. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘llanildi, deya xabar berdi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

Ta’kidlanishicha, tumandagi «Navoiy» mahallasi hududida joylashgan maktab o‘quvchilari K.I. hamda Ch.N.lar o‘zaro til biriktirib, shu mahalla fuqarosi M.S.ning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirishgan. Javonda bo‘lgan 5 million so‘m pul, 2 ming AQSh dollari hamda 7000 Rossiya rublini o‘marishgan. Bundan tashqari, bahosi 2 million so‘mlik «Samsung» rusumli uyali telefon, fuqaro M.S.ga tegishli bo‘lgan chet elga chiqish pasportini ham talon-toroj qilib, voqea joyidan yashirinishgan.

Oradan bir necha soat o‘tgach, M.S. o‘z xonadonida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik yuzasidan ichki ishlar idoralarini xabardor qilgan.

Holat yuzasidan tuman ichki ishlar boshqarmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik), 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Peshko‘ tumanida yashovchi, voyaga yetmaganlar K.I. tengdoshi Ch.N. oldindan jinoiy til biriktirib, sodir qilganliklari aniqlangan.

Hozirgi kunda ushbu shaxslarning xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga ham aloqadorligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring