«Leningrad»dagi sirli yong‘in va qotillik tarixi
1991-yil 23-fevral — roppa-rosa 32 yil muqaddam ilk marotaba Leningrad (nomi hali o‘zgarmagandi) shahridagi «Avrora» kemasining bayrog‘i ko‘tarilmadi.
Gap shundaki, o‘sha kuni soat 8:04 da «Avrora» abadiy «stoyanka»da turgan turgan joyning ro‘parasida, «Leningrad» mehmonxonasining 10-qavatida yong‘in boshlanib ketdi.
Olovni o‘chirishda boshdanoq jiddiy muammolar chiqdi. O‘t o‘chiruvchilarning narvonlari mehmonxonaning yuqori qavatlarigacha yetib bormadi (Nega sobiq Ittifoqda 9 qavatli uylar standartga aylanganini bilasiz-a?). O‘t orasida qolganlarning ayrimlari yurak botinib, choyshablardan arqon yasab, derazalardan narvonlargacha tushishga urinib ko‘rishdi. Ularning ba’zilari asfaltga qulab jon berishdi. Narvongacha yetib borgan omadlilar ham bor, taniqli aktrisa Marina Vladi shulardan biri.
Neva tomonidan esayotgan shamol beayov olovni battar quturtirar, mehmonxona yo‘laklari jonsarak olomon bilan to‘lib ketgandi. Tutundan bo‘g‘ilib yiqilganlar ham bo‘ldi.
Ekspertiza yong‘in 773-xonadan tarqalganini ko‘rsatdi: shvetsiyalik mehmonlar kechasi lampali «Rekord-V-312» televizorini o‘chirishni unutishgan ekan.
Haqiqat esa keyinroq ochildi.
Yong‘indan so‘ng xonalardan birida «Ogonyok» jurnali muharriri Mark Grigorevning jasadi topilgandi. Boshida g‘alati jarohat izlari qolgandi. Oradan yillar o‘tdi, Yuriy Shutov to‘dasi tarkibida qo‘lga olingan Ayrat Gimranov sirni ochdi: aynan u Grigorevni o‘ldirib, mehmonxonaga o‘t qo‘yib yuborgan ekan.
«Leningrad»dagi yong‘in oqibatida mehmonxonada yashagan 7 kishi va 9 nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan.
O‘sha yili shahar va mehmonxonaning nomi «Sankt-Peterburg»ga o‘zgaradi. 2006 yilda G8 sammiti doirasida mehmonxonada «Katta sakkizlik»ning moliya vazirlari uchrashuvi o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter