Karantinda samarqandlik fuqaroning uyi buzilmoqda (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishining «Yordam beringlar, hovlimizni buzishyapti. Pulimizni ham bermasdan buzishyapti» mazmuni aks etgan videolavha tarqaldi.
Unda hayhotdek va yaxshigina ta’mirlangan hovlini niqob taqqan ishchilar bir chekkadan buzayotgani aks etgan. «Kadr ortida» esa ayol kishining titrab-qaqshab, uyi buzilayotgani, turmush o‘rtog‘i esa «olib ketilgani»ni (IIB xodimlari olib ketgan, chamasi) aytib, yordam so‘rayotgan nolalari eshitiladi.
Holat yuzasidan muxtasar surishtiruv o‘tkazgan «Xabar.uz» muxbiri voqelik Samarqand tumanining «Qo‘shtamg‘ali» mahallasida yuz berganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand tumani hududida «Eshkak eshish kanali» va unga tutash joylarda «Samarqand turistik majmuasi» barpo etilishi, turistik marshrutdagi yo‘llarni ta’mirlash va yo‘l atrofida bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi munosabati qator jismoniy va yuridik shaxslarga tegishi turar hamda noturar binolar «snos»ga tushgan.
Bunday «saodatdan» «Qo‘shtamg‘ali» mahllasida istiqomat qiluvchi Q.Ahadov ham benasib qolmabdi. Unga tegishli hovli-joyning teng yarmi (49 foiz qismi) buzilishi munosabati unga 618 million so‘m tovon puli va boshqa yer maydoni ajratish belgilangani aytiladi.
Biroq masala, mahalliy kengash qarorida ko‘rsatilgandek, silliq kechmagani uchun Samarqand tuman hokimligi sudga da’vo qo‘zg‘ashgacha borib yetadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining shu yilning 17-fevralidagi hal qiluv qarori qaroriga ko‘ra, qayd etilgan hovlining 49 foizi (umumiy yer maydoni 571,51 m2, qurilish osti maydonining 459,06 m2.dan iborat) uy egasi hisobidan buzish va oila a’zolarini (buzishga tushgan uy-joydan) chiqarish (qayerga ekani noma’lum) belgilangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining ma’lum qilishicha, shu kunlarda mazkur sud qarori bajarilmoqda. Chunki, sud hujjati qonuniy kuchga kirgan va uning ijrosi byuroning tuman bo‘limi chekiga tushgan.
MIBni tushunish mumkin: ular o‘z nomi bilan ijrochi! MIBda sud qarori muhokama qilinmaydi, balki qonundan ko‘rsatilgan muddatda ijro etilishi shart.
Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: bugungi karatin sharoitida uy-joy buzilishiga oid sud qarorlarini ijro etish qanchalar maqsadga muvofiq?! Ikkinchidan, sud qarorida buzish ishlarini «uy egasining hisobidan amalga oshirish» belgilangan. Uy egasi esa «olib ketilibdi»?! Buzish xarajatlari qaysi vallomat hisobidan amalga oshirilmoqda?
MIB matbuot xizmatiga ko‘ra, ijro ishi byuroning tuman bo‘limiga kelib tushgach, bu haqda uy egasi shu yilning 6-aprel kuni ogoh etilib, unga 15 kun muddat berilgan.
Hamma balo shundaki, sud qarori ijroga qaratilgan paytda Q.Ahadovga na tovon puli berilgan, na yer maydoni ajratilgan! Oradan ikki hafta o‘tgachgina (18-aprel) Samarqand tumani hokimi uy-joyining buzilishi ko‘zda tutilgan qismi evaziga tumanning «Konigilagrotexservis» agrofirmasi yer xaritasi 274 konturidan jami 6 sotix yer maydoni ajratish haqida qaror chiqargan. Bu qarorning ijrosi esa muallaq turibdi. Tovon puli (618 million so‘m) esa atigi uch kun (20-aprel) oldin MIB hisob-raqamiga o‘tkazilgan, ammo hali uy egasining qo‘liga borib yetgani yo‘q. MIBga ko‘ra, Q.Ahadov aynan bugun (23-aprel) kuni tovon pulini bank plastik kartasiga o‘tkazib berishni so‘rab ariza yozibdi...
Endi qarang: «snos»ga tushgan uy-joylarni buzish haqidagi hujjatlar «belgilangan tartibda», yana deng karatinga qaramay (!) ijro etilmoqda?! Tovon puli to‘lanishiga oid qarorlar esa cho‘zilib, «dam yeb», fuqaroning ikki oyog‘i bir etikka tiqilganda amalga oshiriladimi?! Bunday ahvolda fuqaro boshini qaysi toshga ursin?!
Videolavhada hovli katta va ko‘rkam ekani shundoq ko‘rinib turibdi. Bunday uy-joy tiklash uchun qancha mehnat va mashaqqat lozimligini tasavvur qilish qiyin emas. Hovli joylashgan hudud Samarqand shahrining shundoq biqinida ekanidan bu joylardagi uylarning haqiqiy bozor bahosi to‘lanishi belgilangan tovon pulidan a-ancha ko‘proq ekanini anglatadi. Bundan kelib chiqilsa, berilishi ko‘zda tutilgan tovon puli buzilayotgan mulkning asl qiymatiga barobar emasligiyam oydinlashadi. Qolaversa, bir so‘mni o‘n joyidan tugib-chatadigan mahalliy hokimiyat tovon to‘lash masalasida «hotamtoylik»ning yaqiniga ham yo‘lamasligi e’tiborga olinsa, videolavhadagi ayolning titrab-qaqshab nola qilayotganini tushunish mumkin.
Samarqandda ijtimoiy adolat deganlari shumikan, yo?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter