Jurnalist axloqsizlikda ayblanib video tarqatildi. Holatni IIBB va boshqa idoralar tekshirishni boshladi
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uyning ayvonidagi shaxsi aniqlab bo‘lmas darajada uzoqlikdan tasvirga olingan noma’lum erkak va ayol ishqiy munosabati aks etgan videolavha tarqatilmoqda.
Ushbu axloqsiz video ayrim shaxslar tomonidan montaj qilinib, undagi noma’lum ayol xuddiki Qalampir.uz tahririyati jurnalisti sifatida talqin qilingan.
Qalampir.uz tahririyati bu «yolg‘on va hech qanday asosga ega emas», deya bayonot berdi. Bu video tahririyat jurnalistining tanqidiy chiqishlariga qarshi uyushtirilgan deb gumonlanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan jurnalist Feruza N. unga tuhmat qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. IIBB xabariga ko‘ra, hozirda murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham OAV vakillari shaxsini obro‘sizlantirish, jurnalistlar faoliyatiga qing‘ir va noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilishga bo‘lgan urinishlarni keskin qoraladi.
Shuningdek, ushbu holat ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatiga, shu bilan birga jamiyatda faol, axborot makonida o‘z o‘rniga ega jurnalist bo‘lgan xotin-qizlarimizning sha’ni, qadr-qimmatiga salbiy ta’sir etuvchi harakat va ular faoliyatiga tahdid sifatida baholanib, holat adolatli o‘rganilishi Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olingani ma’lum qilindi.
Eslatilishicha, yolg‘on (feyk) va noxolis axborotlarni tarqatganlik uchun qonunchilikda qat’iy jazolar belgilangan. Xususan, tuhmat, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, 2020 yil 25 dekabr kuni qabul qilingan O‘RQ 658-son Qonuni bilan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter