Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzaxda ayol va 5 yoshli bolaning yoqib yuborilgan jasadi topildi. Qotil ularning yaqini bo‘lib chiqdi

Jizzaxda ayol va 5 yoshli bolaning yoqib yuborilgan jasadi topildi. Qotil ularning yaqini bo‘lib chiqdi

Videodan kadr

22 yoshli yigit o‘zidan 7 yoshga katta bo‘lgan ayolini xiyonatda ayblab, uni va 5 yoshli farzandini o‘ldirdi.

Jizzax viloyati IIB xabar berishicha, joriy yilning 2 noyabr kuni G‘allaorol tumani IIBga tumanning Zargar qishlog‘idan o‘tgan Toshkent – Termiz avtomobil yo‘lining yoqasidagi qirlikda ayol va bolaning jasadi borligi haqida xabar kelib tushadi. Tergov-tezkor guruhi voqea joyiga yo‘l oladi. Tezkor guruh voqea joyida mudhish manzaraga guvoh bo‘lishadi. Ayol va 5 yoshli bolaning yuza qismi yoqib yuborilgan edi.

Tez orada kriminalistlar ayolning shaxsini aniqlashadi. Shundan so‘ng, jinoyatning izi ochiladi va qotillikda gumondor o‘z uyida qo‘lga olinadi. Yigit qilmishini tan olib, qotillik qanday ro‘y berganini so‘zlab beradi.

Buxoro viloyatida 2000 yilda tug‘ilgan yigit 1993 yilda tug‘ilgan ayol bilan bundan 5 yil avval tanishib, uchrashib yuradi. Yigitning ham, ayolning ham yaqinlari bu munosabatga qarshilik qilishgach, ular yashirincha nikoh qurib yashab kelishgan. 2017 yilda farzandi tug‘ilgan. Turmush tashvishlari boshiga tushgan yigit afsus cheka boshlaydi va o‘zini xato qilgan deb hisoblaydi.

Kuzning boshida ayol yana homilador bo‘lib qoladi. Bu vaqtda yigit Toshkentga ishlagani ketgan edi. Ayol yigitning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li bilan munosabatlari haqida bor gapni aytadi, SMSlar ham yozib yuboradi. Ayolning maqsadi bu oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lish edi.

Shundan so‘ng, yigit ayolni Toshkentga chaqiradi. Ular u yerda biroz yashagach, Buxoroga qaytayotgan vaqtida Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Zargar qishlog‘idagi qirliklar oldida yo‘lovchi tashish mashinasidan tushib qolishadi.

Tepalikka chiqib biroz dam olishadi. Yigit ayolning qo‘lida pulni ko‘rgach, uni xiyonatda ayblab, tarsaki tushiradi. Ayol esa tosh bilan erining boshiga uradi. G‘azabi qo‘zg‘agan erkak barini shu yerda tugatishga qaror qiladi va ayolni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Uxlab yotgan farzandi shovqindan turib kelib, voqea guvohi bo‘ladi. Uni otasi olib ketmoqchi bo‘lganida bola onasi bilan qolishni istab yig‘laydi. So‘ng yigit bolani ham sumka tasmasi bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.

Erkak marhumlarning jasadlarini ularning kiyim va buyumlariga qo‘shib, yoqib o‘zi esa hech narsa bo‘lmaganidek Buxoroga ketib yuboradi.

Endi uni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi kutmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring